Andijonda fuqaro yashash xonadonidan noqonuniy gaz ballonlari topildi. Bu haqda “Hududgazta’minot” AJ matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, Andijon viloyati Asaka tumanidan kelib tushgan tezkor maʼlumot asosida “Hududgaz Andijon” gaz taʼminoti filiali komplayens nazorat tuzilmalari, tuman Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va FVB xodimlari bilan hamkorlikda tumanning “Xonaqa” MFYda yashovchi fuqaro I.S. xonadonida o‘rganish o‘tkazgan.
O‘rganishlar davomida xonadonda 63 dona (34 dona suyultirilgan gaz to‘ldirilgan, 29 dona bo‘sh) maishiy gaz ballonini texnika va yong‘in xavfsizligi qoidalariga zid ravishda noqonuniy saqlab kelinayotgani aniqlandi. Shuningdek, 1 dona tarozi va gazni avtomobillarga o‘tkazishga moslashtirilgan 4 dona rezina shlang borligi maʼlum bo‘ldi.

Holat yuzasidan dalolatnoma tuzilib, barcha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi.
Eslatib o‘tamiz, suyultirilgan gaz yuqori bosim ostida saqlanadi. Ballonlar noto‘g‘ri joyda yoki nosoz holatda saqlansa, kichik uchqun yoki harorat taʼsirida portlash sodir bo‘lishi mumkin. Bu kabi holatda esa bitta gaz balloni portlasa, qolganlariga ham taʼsir etib, zanjirli portlashga olib kelishi xavfi yuqori.
Izoh (0)