Angliyaning “Manchester Yunayted” klubi “Real Madrid” hujumchisi Vinisius Juniorni o‘z safiga qo‘shib olishni istamoqda. Fichajes nashri xabariga ko‘ra, mankunianliklar braziliyalik futbolchi uchun 200 million yevrolik taklif tayyorlamoqda.

Manbaga ko‘ra, “qizil iblislar” dastlab sloveniyalik hujumchi Benyamin Sheshkoni xarid qilishni rejalashtirgan edi. Biroq futbolchi “Nyukasl”ga o‘tishni istamoqda. Shu sababli, “Old Trafford” egalari Vinisius transferini amalga oshirishga harakat qilmoqchi. Hozirda “Manchester Yunayted” rahbariyati futbolchining atrofidagi vaziyatni diqqat bilan kuzatib turibdi.
Vinisius Juniorning “Real Madrid” bilan shartnomasi 2027-yilgacha amal qiladi. Biroq futbolchi klubdagi eng ko‘p maosh oladigan o‘yinchiga aylanishni istamoqda. Madrid klubi esa uning talablarini qondirmoqchi emas. Natijada, klub rahbariyati va futbolchi o‘rtasidagi muzokaralar vaqtincha to‘xtab qolgan.
Ayni paytda na “Real Madrid”, na futbolchining agenti bu xabarlar yuzasidan rasmiy bayonot bergan. Agar muzokaralar ijobiy yakun topmasa, Vinisiusning transferga qo‘yilish ehtimoli yuqori. “Manchester Yunayted” esa bunday vaziyatdan unumli foydalanishni rejalashtirmoqda. Klub braziliyalik hujumchini yangi loyihaning asosiy figuralaridan biriga aylantirishni xohlamoqda.
Ma’lumot uchun, 25 yoshli hujumchi o‘tgan mavsum “Real Madrid” safida jami 58 ta o‘yinda maydonga tushib, o‘z hisobiga 22 ta gol va 19 ta golli uzatma yozdirib qo‘ygan. Transfermarkt portali futbolchining qiymatini 170 million yevroga baholamoqda.
Izoh (0)