Joriy yil 4-avgust kuni Toshkent viloyatida hududiy maktablarda dars berishga yuboriladigan o‘qituvchilar uchun Teach for Uzbekistan (TFU) loyihasining 45 kunlik intensiv kursi yakunlandi.
Loyiha Bo‘stonliq tumanidagi “Yoshlar oromgohi”da tashkil etilgan tadbirda loyiha direktori Umida Yo‘ldosheva, Teach for All global tarmog‘i vakili janob Satyam Mishra va boshqalar qatnashdi.
Umida Yo‘ldosheva yozgi oromgoh yakunlarini eʼlon qilib, dasturning ilk natijalari va kelgusi rivojlanish rejalari haqida so‘zladi. Maxsus mehmon, Harvard universiteti bitiruvchisi va Global Teacher Prize mukofoti finalchisi Satyam Mishra ham nutq so‘zladi. U o‘z chiqishida xorijiy mamlakatlar taʼlim tizimlaridagi asosiy o‘zgarishlar hamda taʼlimning o‘zbek modelida o‘qituvchilarni tayyorlash sifati haqida hikoya qildi.
Yozgi institut bitiruvchilari TFU ilk qabuli qatnashchilari bilan muloqot qilish imkoniga ega bo‘ldi. Hududiy maktablarda bir yil ishlagan yoshlar dastur tufayli o‘zlari va o‘quvchilari hayoti nechog‘li o‘zgargani haqida so‘zlab berdi.
“Yozgi institut – bu shunchaki o‘quv kursi emas, balki maktablar va hamjamiyatlarni o‘zgartirishga qodir bo‘lajak yetakchilar shakllanadigan makondir. Yillar davomida turli mamlakatlardagi taʼlim dasturlari bilan ishlash mobaynida men bir narsaga amin bo‘ldim: haqiqiy o‘zgarishlar bolalarga ishonadigan va zimmasiga masʼuliyatni ola biladigan insonlardan boshlanadi.
Aynan mana shunday g‘ayratni, onglilikni va kamolotga intilishni men O‘zbekistonda ko‘rdim. Bunday tashabbuslar har bir bolaga – sifatli taʼlim olish, yosh mutaxassislarga esa – mamlakat kelajagiga real taʼsir ko‘rsata olish imkonini beradigan taʼlim tizimlari uchun asos barpo etadi”, dedi Satyam Mishra.
Teach for Uzbekistan loyihasining yozgi instituti
Yozgi Institut Teach For Uzbekistan dasturi qatnashchilarini tayyorlashning asosiy bosqichi hisoblanadi. Bu besh haftalik o‘quv-amaliy intensiv bo‘lib, unda bo‘lajak o‘qituvchilar pedagogik, kommunikativ va yetakchilik ko‘nikmalarini o‘zlashtiradilar va maktabda ishlashga tayyorlanadi.
Keyin finalchilar maktab huzuridagi yozgi oromgohda amaliyot o‘taydi, klassik menejmentni o‘rganib, o‘quv yili boshlanishiga tayyorgarlik ko‘radi.
Yozgi institut to‘liq mashg‘ullik formatida tashkil etilgan: butun besh hafta davomida qatnashchilar maxsus jihozlangan oromgohda yashaydi, bu ularga tashqi omillarga chalg‘imay, diqqat-eʼtiborni o‘qishga jalb qilishga imkon beradi.
2025-yilda yozgi institut Yoshlar ishlari agentligi bazasida o‘tdi. Tashkilot loyihaga Bo‘stonliq tumani tog‘laridagi hududni beg‘araz taqdim etdi. O‘zbekistonning turli hududlaridan 39 nafar nomzod loyiha qatnashchisi bo‘ldi. Ular yetakchi milliy va xalqaro universitetlarning umumiy maqsad – taʼlim tizimini ichidan o‘zgartirish istagi birlashtirgan bitiruvchilaridir. Tahsil jarayoniga mahalliy va xalqaro ekspertlar jalb etildi.
YI dasturi quyidagilarni qamrab oldi:
- o‘qitish uslubiyoti, sinfni boshqarish, inklyuziv taʼlim, tanqidiy va tizimli tafakkurni takomillashtirish bo‘yicha intensiv treninglar;
- aktyorlik mahorati va notiqlik sanʼati bo‘yicha mashg‘ulotlar;
- tajribali ustozlar va taʼlim yetakchilari bilan sessiyalar;
- muntazam amaliy mashg‘ulotlar va yozgi maktabda dars berish
Institut huzuridagi yozgi oromgoh
Yozgi institutning oxirgi haftasida qatnashchilarning saʼy-harakatlari bilan kam taʼminlangan oilalar bolalari uchun yozgi oromgoh tashkil etildi. Bolalar tabiatda vaqt o‘tkazdi, salomatligini mustahkamlab, kuch to‘pladi. Loyiha qatnashchilari esa real maktab muhitida stajirovka o‘tash va o‘quv yili boshlanishidan oldin amaliy ko‘nikmalarni o‘zlashtirish imkoniga ega bo‘ldi.
Yozgi institut yakunlari bo‘yicha nomzodlarni yakuniy saralash quyidagi mezonlarga ko‘ra o‘tkazildi:
- psixometrik test;
- individual intervyu: qarashlar, qadriyatlar, maʼnaviy tamoyillar va yetakchilik sifatlari haqida suhbat;
- texnik intervyu: o‘qitiladigan fan bo‘yicha bilimlarni tekshirish;
- sinfda ishlashni modellashtirish: sinov darsini rejalashtirish va o‘tkazish, u o‘qituvchi materialni qanchalik tayyorlagani, bolalar xatti-harakatlarini qanchalik nazorat qilishi va xavfsiz hamda o‘zaro hurmat muhitini yarata olishini ko‘rsatadi.
Mashg‘ulotlardan bo‘sh paytlarida qatnashchilarga kechki o‘yinlar, jamoaviy faoliyatlar va madaniy tadbirlar taklif etildi. Ular jamoaviy ruhni mustahkamlashga va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash muhitini yaratishga xizmat qilibgina qolmay, soft skills, hamkorlik va Teach for Uzbekistan hamjamiyati ichida barqaror gorizontal aloqalarni rivojlantirishga ham yordam berdi.
Teach For Uzbekistan — taʼlim kuchi orqali bolalar hayotini o‘zgartirishga tayyor insonlar hamjamiyati. Yozgi institut O‘zbekistonda nafaqat o‘qitish, balki ruhlantirish, qo‘llab-quvvatlash va o‘z ortidan ergashtirishga qodir pedagoglar avlodi o‘sib kelayotganini ko‘rsatdi. Biz har bir qatnashchi bilan faxrlanamiz va bu katta yo‘lning ibtidosi ekaniga ishonamiz. Bu yil 31 nafar qatnashchi hududlardagi maktablarga o‘qitishga yo‘l oladi, jumladan, birinchi marta Surxondaryo viloyatiga ham o‘qituvchilar jo‘natiladi”, dedi Umida Yo‘ldosheva.
Teach for Uzbekistan to‘g‘risida
Teach For Uzbekistan — bu kadrlar yetishmaydigan hududiy maktablarda o‘qituvchi bo‘lib ishlab, bolalarga o‘z salohiyatlarini ro‘yobga chiqarishda yordam beradigan iqtidorli yosh mutaxassislarni tayyorlash va qo‘llab-quvvatlash orqali mamlakatda taʼlimni rivojlantirishga yo‘naltirilgan dasturdir. Dastur maqsadi: qayerda yashashidan qatʼi nazar, har bir bola sifatli taʼlim olish uchun teng imkoniyatga ega bo‘lsin.
Izoh (0)