Apple kompaniyasi ChatGPT’ga raqobatchi yaratish ustida ishlaydigan jamoaga muhandislarni faol jalb etishni boshladi. Bu qadam Siri ishlab chiquvchilari jamoasini keng ko‘lamli qayta tashkil etishning bir qismi bo‘lib, kompaniyaning ovozli yordamchisi va boshqa sun’iy intellekt xizmatlarining imkoniyatlarini takomillashtirish maqsadida amalga oshirilmoqda. Bu haqda MacRumors nashri xabar berdi.

Apple rasmiy veb-saytida AQSH va Xitoyda “Javoblar, bilimlar va ma’lumotlar” (Answers, Knowledge, and Information) deb nomlangan jamoa uchun o‘nlab bo‘sh ish o‘rinlari e’lon qilindi. Xususan, kompaniya “Sirining shaxsiy savollarga javob berish qobiliyatini yaxshilash”ga yordam beradigan mashinali o‘rganish muhandisini qidirmoqda. Bo‘sh ish o‘rni tavsifida jamoa foydalanuvchilarning shaxsiy hujjatlari bilan ishlash uchun katta til modellarini ishlab chiqayotgani va maxfiylikni ustuvor vazifa sifatida belgilagani ta’kidlangan.
Taniqli insayder va Bloomberg jurnalisti Mark Gurmanning aytishicha, bu harakatlar shunchaki Sirini yangilash bilan cheklanib qolmaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi jamoa “ChatGPT uslubidagi yangi qidiruv xizmati”ni ishlab chiqishning dastlabki bosqichida va hatto u uchun alohida ilova yaratish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
“Loyiha hali boshlang‘ich bosqichda bo‘lsa-da, jamoa “javoblar dvigateli” deb ataladigan tizimni yaratmoqda - bu umumiy savollarga javob topish uchun internetni tahlil qila oladigan tizimdir. Siri, Spotlight va Safari’ning kelajakdagi versiyalarida qidiruvni takomillashtirish uchun alohida ilova, shuningdek, yangi server infratuzilmasini yaratish imkoniyati o‘rganilmoqda”, deb yozadi Gurman.
Avvalroq Gurman Apple o‘zining katta til modeliga asoslangan Sirining ko‘proq “suhbatlashuvchan” versiyasi ustida ishlayotgani haqida xabar bergan edi. Biroq uning ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu loyihani ishga tushirish kamida iOS 27 ga qadar kechiktirilgan.
Bundan avval Apple IT mutaxassislari qancha maosh olishi ma’lum qilingandi.
Izoh (0)