FIFA dissiplinar qo‘mitasi “Bunyodkor” klubi va uning sobiq futbolchilari Rivaldo hamda Denilson o‘rtasida uzoq davom etgan moliyaviy nizolar bo‘yicha qaror qabul qildi.
Tribuna manbasining xabariga ko‘ra, FIFA “Bunyodkor” klubining Rivaldo oldidagi qarzdorligi (8,1 million yevro) va Denilson oldidagi qarzdorligi (1,1 million yevro) bo‘yicha mablag‘ni to‘lash qarorini O‘FAga yuborgan.
FIFA tartib-intizom qo‘mitasi a’zolari 22 fevral kuni “Bunyodkor” klubi va braziliyalik o‘yinchilar o‘rtasidagi mazkur ish bo‘yicha qarorni qabul qilgan. FIFA qarorida quyidagilar ma’lum qilingan:
“Bunyodkor” va Rivaldo o‘rtasidagi ish bo‘yicha:
1. “Bunyodkor” klubi FIFA nizolarni hal qilish palatasining 2017-yil 21-sentabrda qabul qilgan qarorini to‘liq bajarmaganlikda aybdor deb topilgan. Bu Sport arbitraj sudi tomonidan 2023-yil 6-noyabrda chiqarilgan qarorda to‘liq tasdiqlangan.
2. “Bunyodkor” klubi FIFA nizolarni hal qilish palatasi va CAS qaroriga ko‘ra, Rivaldo Vitor Borba Ferreyrega quyidagilarni to‘lashi shart:
2 489 947 yevro – klub tomonidan braziliyalik futbolchiga to‘lanmagan mukofot puli hamda yillik 5 foiz ustama;
5 664 000 yevro – shartnoma bekor qilinishi sababli tovon puli hamda yillik 5 foiz bonus.
10 ming Shveysariya franki – arbitraj sudi jarayonida xarajatlar uchun tovon puli.
“Bunyodkor” va Denilson o‘rtasidagi ish bo‘yicha:
1. “Bunyodkor” klubi FIFA nizolarni hal qilish palatasining 2017-yil 21-sentabrda qabul qilgan qarorini to‘liq bajarmaganlikda aybdor deb topilgan. Bu Sport arbitraj sudi tomonidan 2023-yil 6-noyabrda chiqarilgan qarorda to‘liq tasdiqlangan.
2. “Bunyodkor” klubi Denilson Martinsh Nasimentoga quyidagilarni to‘lashi shart:
700 000 dollar – klub tomonidan braziliyalik futbolchiga to‘lanmagan mukofot puli hamda yillik 5 foiz ustama;
400 000 dollar – kelishuv shartlari buzilganligi uchun tovon puli hamda yillik 5 foiz bonus.
10 ming Shveysariya franki – arbitraj sudi jarayonida xarajatlar uchun tovon puli.
Qayd etilishicha, FIFA tomonidan “Bunyodkor” klubiga 30 kun ichida ushbu mablag‘ni to‘lash muxlati berilgan. Aks holda tashkilot tomonidan tegishli choralar ko‘rilishi ma’lum qilingan.
Shuningdek, har ikki futbolchi bo‘yicha “Bunyodkor” klubi 30 000 ming shveysar franki miqdorida jarimaga tortilgan.
Eslatib o‘tamiz, Rivaldo 2008-yildan 2010-yilga qadar “Bunyodkor” sharafini himoya qilgan. Denilson esa 2010-yilda klub safida to‘p surgan.
Izoh (0)