“Toshkent halqa avtomobil yo‘llaridan foydalanish uchastka boshqarmasi” unitar korxonasi buyurtmachiligida o‘tkazilgan tender natijalari bekor qilindi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur unitar korxona tomonidan 31-mart kuni 2 ta lot bo‘yicha o‘tkazilgan 3 milliard 220 million so‘mlik davlat xaridida “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunning 10-moddasi (raqobat va xolislik prinsipi), 14-moddasi (manfaatlar to‘qnashuvi), 46-moddasi (davlat xaridlari jarayonidagi cheklovlar) talablari buzilganligi va boshqa qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.
Xususan, 2 ta lot bo‘yicha xaridda ishtirok etgan 2 nafar tadbirkorning hujjatlari xarid komissiyasining kotibi foydalangan kompyuterning IP-manzili orqali elektron platformaga yuklangan.
Shuningdek, o‘tkazilgan ushbu davlat xaridida xarid komissiya raisi va aʼzolarining ishtirokisiz, boshqa shaxs tomonidan ularning elektron raqamli imzolari orqali xarid natijalari baholangani va imzolangani maʼlum bo‘lgan.
Mazkur holatlar bo‘yicha 3-aprel kuni xarid komissiyasining bayonnomasini bekor qilish to‘g‘risida buyurtmachiga taqdimnoma kiritilgan va qonuniy chora ko‘rish uchun to‘plangan hujjatlar Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga yuborilgan hamda holat bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazish uchun Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga so‘rovnoma kiritilgan.
Agentlikning taqdimnomasiga binoan “Toshkent xalqa avtomobil yo‘llaridan foydalanish uchastka boshqarmasi” unitar korxonasi tomonidan 4-aprel kuni xarid komissiyasining bayonnomasi bekor qilingan.
Avvalroq Urganch shahar ixtisoslashtirilgan sanʼat maktab-internati buyurtmachiligida issiq ovqat bilan taʼminlash bo‘yicha o‘tkazilgan 731 million so‘mlik, Asaka tumanida esa tibbiyot birlashmasi o’tkazgan 620 million so’mlik tenderlar bekor qilingandi.
Izoh (0)