Asaka tuman tibbiyot birlashmasi buyurtmachiligidagi davlat xaridida qonun buzilishi holatlari aniqlandi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan o‘tkazilgan monitoring natijasida, Asaka tuman tibbiyot birlashmasi buyurtmachiligidagi 231614-sonli lot bo‘yicha 620 575 000 so‘mlik umumiy ovqatlanish (autsorsing) xizmati uchun 27-fevral kuni o‘tgan davlat xaridida “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunning 10-moddasi (raqobat va xolislik prinsipi), 23-moddasi ( xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisi) 14-moddasi (manfaatlar to‘qnashuvi), 42-moddasi (ishtirokchini xarid qilish tartib-taomillarida ishtirok etishdan chetlatish shartlari) va 46-moddasi (davlat xaridlari jarayonidagi cheklovlar) talablari buzilgani, jumladan davlat xaridlarida ishtirok etgan talabgorlardan 2 tasi bir shaxsga tegishli ekani, yaʼni o‘zaro affillanganligi holatlari mavjudligi aniqlandi.
Shuningdek, mazkur davlat xaridi bo‘yicha Xarid komissiyasi tomonidan foydalangan kompyuterlarning IP-manzillari maʼlumoti o‘rganilganda xarid komissiyasi raisi, aʼzolari (ovoz berib baholash vakolatiga ega) va komissiya kotibi 27-fevral kuni soat 09:28 dan 09:38 gacha, yaʼni o‘rtacha 10 daqiqa vaqt ichida IP-manzili bir kishiga tegishli bo‘lgan kompyuter orqali boshqarilib, xarid natijalari baholangani va bayonnoma rasmiylashtirilgani, shuningdek xaridda ishtirok etib g‘olib deb topilgan “Z.A” MCHJning hujjatlari ham Asaka tuman tibbiyot birlashmasiga tegishli bo‘lgan (foydalangan) kompyuterning IP-manzili orqali maxsus elektron platformaga yuklangani maʼlum bo‘ldi.
Mazkur holatlar bo‘yicha xarid komissiyasining bayonnomasini bekor qilish to‘g‘risida buyurtmachiga taqdimnoma kiritildi va chora ko‘rish uchun to‘plangan hujjatlar Bosh prokuraturaga yuborildi hamda holat bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligiga so‘rovnoma kiritildi.
Asaka tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan 2023-yil 2-mart kuni agentlikka taqdim etilgan 01/131-sonli xatga ko‘ra, agentlikning taqdimnomasida qayd etilgan kamchiliklar bartaraf etilib, Xarid komissiyasining bayonnomasi bekor qilingani maʼlum bo‘ldi.