Turkiya fuqarosiga o‘zini korxona egasi deya tanishtirib, uni katta miqdordagi pulga chuv tushirgan farg‘onalik erkak qo‘lga olindi. Bu haqda IIV Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.
Qayd etilishicha, turkiyalik tadbirkor R.I.ga o‘zini nitrat ammoniya selitra ishlab chiqaruvchi korxona egasi deb tanishtirgan M.M. ismli shaxs o‘g‘it mahsulotlarini Turkiya davlatiga eksport qilish to‘g‘risida kelishgan. U Turkiya fuqarosiga selitra o‘g‘it mahsulotlari solingan maxsus qoplarning fotosurat va videolarini ko‘rsatib, uni aldab, ishonchiga kirib, jami 887,5 ming dollar (9,6 milliard so‘m) miqdoridagi pullarni qo‘lga kiritgan va shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan.
Ushbu holat yuzasidan M.M.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va M.M. tergovdan yashiringani sababli qidiruv eʼlon qilingan.
IIV Kiberxavfsizlik markazi tomonidan axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalanib o‘tkazilgan tadbirlar natijasida, ushbu jinoyatni sodir etgan Farg‘ona viloyatida Qo‘qon shahrida yashovchi 34 yoshli M.M. Ohangaron tumani hududida yashirinib kelayotgani aniqlanib, qo‘lga olingan.
Jinoyatchi M.M. qamoqqa olinib, unga nisbatan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Andijonda yashovchi 25 yashar M.M. qozog‘istonlik taniqli ishbilarmonning 7,4 ming dollar mablag‘ini internet orqali firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirgandi.
Izoh (0)