Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida “Sog‘lom jamiyat” forumi bo‘lib o‘tdi. Ushbu anjumanda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Mirzag‘olib Tillashayxov ham ishtirok etdi.
Ikki tomonlama uchrashuvda onkologlarni klinik ordinaturada bepul o‘qitish va malakasini oshirish, fundamental onkologiya sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish hamda saraton kasalligini davolash bo‘yicha yangi zamonaviy dori-darmonlarning qo‘shma klinik sinovlarini o‘tkazish yuzasidan qator kelishuvlarga erishilgan.
Yakunda ushbu markaz bilan o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Unga ko‘ra, endilikda O‘zbekistonda klinik ordinatorlar ta’limning ikkinchi yili Rossiyada bepul tahsil oladi. Shu bilan birga, magistratura bosqichini tamomlagan o‘zbek talabalari bir oydan uch oygacha ushbu mamlakatda o‘z bilim va ko‘nikmalarini bepul rivojlantirish imkoniga ega bo‘ladi.
Bundan tashqari, o‘zbek mutaxassislari uchun rossiyalik onkologlar ishtirokida mahorat darslari va master-klasslar o‘tkazish bo‘yicha ham hamkorlik aloqalari mustahkamlandi. Unga ko‘ra, yaqin kelajakda markazda ushbu mamlakat shifokorlari bilan birgalikda yuqori texnologiyali laparoskopik jarrohlik amaliyotlari o‘tkazish va nur terapiyasi orqali og‘ir bemorlarni davolash yo‘lga qo‘yiladi.
Izoh (0)