Qoraqalpog‘istonda fermer xo‘jaligi yerini yoqib yuborgan shaxs qariyb 8,5 million so‘m zarar yetkazdi. Bu haqda Ellikqalʼa tumani Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘lim boshlig‘i xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, 6-mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda Ellikqalʼa tumani “O‘ysalang 2” hududi temiryo‘l yonida qurigan o‘tlar va daraxtlar yoqib yuborilgani yuzasidan maqola eʼlon qilingan. Tuman Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limi inspektorlari tomonidan holat o‘rganildi.
Aniqlanishicha, “Dumanqala” MFY hududida O‘ysalang aholi punktida yashovchi fuqaro Z.U. tomonidan “Nematjon Nodirbek” fermer xo‘jaligining ekishlik konturidagi butalar yoqib yuborilgan. Ushbu holat yuzasidan fuqaroga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
Uning o‘simlik dunyosiga keltirgan zarari 8 400 000 so‘m hisoblandi.
Izoh (0)