Qashqadaryoda akasining pasporti bilan chet elga chiqib ketmoqchi bo‘lgan aliment to‘lovchi fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, 1985-yil Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan H.B. aliment to‘lovchi bo‘lgani bois O‘zbekistondan chet elga chiqa olmasligini bila turib, 24-yanvar kuni akasi H.Sh.ning xonadoniga borib, uning nomiga rasmiylashtirilgan xorijga chiqish biometrik pasportini o‘ziga bildirmasdan yashirincha uydan olib chiqqan.
H.B. o‘zining jinoiy harakatlarini davom ettirib, o‘zida xorijga chiqish biometrik pasporti mavjud bo‘lmagan bo‘lsa-da, u qonunga xilof ravishda egallagan va yashirib kelgan akasining xorijga chiqish biometrik pasportidan foydalanib, 25-yanvar kuni Buxoro xalqaro aeroportidan Buxoro—Moskva yo‘nalishi bo‘yicha uchib ketadigan aviareysga chipta sotib olgan.
Ushbu reys bilan Rossiyaga uchib ketish maqsadida shu kuni Buxoro xalqaro aeroportiga kelib, soat 23:30 larda aviareysga chiqishdan oldin chegara nazoratidan o‘tayotganida, u birovning pasporti bilan chet elga chiqib ketmoqchi bo‘lgani Buxoro xalqaro aeroportida xizmatda bo‘lgan chegara nazorati xodimlari va Buxoro viloyat IIB TXTB xodimlari tomonidan aniqlanib, pasport daliliy ashyo sifatida olib qo‘yilgan.
Mazkur holat yuzasidan 2023-yil 1-fevral kuni Buxoro viloyat TXTB TG katta tergovchisi mayor O.T.Murodov tomonidan H.B.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 227-moddasi 2-qismi “a” bandi (pasport yoki identifikatsiyalovchi ID-kartani egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish), 25,223-moddasi 1-qismi (qonunga xilof ravishda chet elga chiqish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilib, jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan JIB Kogon shahar sudiga yuborilgan.
Izoh (0)