Hozirgi kunda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash va mintaqaning sayyohlik jozibadorligini oshirish uchun kurort hududlarini rivojlantirish ustuvor vazifa hisoblanadi. Bu jarayonga xorijiy investorlarni jalb qilish nafaqat kapital oqimini, balki ilg‘or texnologiyalar va standartlarni joriy etish, xalqaro talablar va dam oluvchilarning ehtiyojlariga javob beradigan zamonaviy infratuzilma obyektlarini yaratish imkonini beradi.

Investitsiya uchastkasining joylashishi ekologik me’yorlarga qat’iy rioya qilish va strategik rejalashtirishga asoslangan vazmin va mas’uliyatli yondashuvni talab qiladi. Bunday yondashuv tabiiy resurslarni asrab-avaylash va aholi hamda sayyohlar uchun qulay muhitni ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, ayni paytda kurort hududini rivojlantirish va ish o‘rinlarini yaratish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
1-avgust kuni Vazirlar Mahkamasining “Sea Breeze Uzbekistan umummavsumiy kurort majmuasini barpo etish bo‘yicha yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari bo‘yicha hukumat komissiyasi tomonidan eng yaxshi taklif sifatida tanlab olingan Ozarbayjonning Agalarov Development MCHJ hamda uning Sea Breeze Uzbekistan MCHJ qo‘shma korxonasi tomonidan Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi 577 gektar maydonda qurish rejalashtirilgan umummavsumiy kurort majmuasi ma’qullandi.
Ushbu majmuaning qiymati 5 mlrd AQSH dollarini tashkil etadi. Tanlangan loyiha hududni rivojlantirish, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va mahalliy aholi uchun yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qiladigan zamonaviy turizm infratuzilmasini yaratishni nazarda tutadi.
Sea Breeze Uzbekistan tasdiqlangan loyihani amalga oshirish doirasida bir qator majburiyatlarni o‘z zimmasiga oladi. Kurort majmuasini qurishga kirishishdan oldin barcha loyiha yechimlari vakolatli davlat organlari bilan kelishilishi lozim.
Bundan tashqari, kurort hududida iste’molchilarga ko‘rsatiladigan kommunal xizmatlar tariflari Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda belgilanadi. Kompaniya o‘z faoliyatida turizm infratuzilmasini rivojlantirish, barqaror qurilishning ekologik talablari va standartlariga rioya qilish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribaga tayanadi.
Xususiy mulk va tegishli kompensatsiyalar borasida
Sea Breeze Uzbekistan loyihasini amalga oshirishga tayyorgarlik ko‘rish doirasida qurilish hududida xususiy mulk obyektlari mavjudligi bilan bog‘liq barcha masalalarni hal qilishi kerak bo‘ladi. Bunga yuridik va jismoniy shaxslarning mulklari, shu jumladan, dala hovlilar va mulkchilikning boshqa shakllari kiradi. Ushbu yo‘nalishdagi barcha ishlar amaldagi qonunchilikka qat’iy rioya qilgan holda, zarur huquqiy tartib-taomillarni majburiy rasmiylashtirgan holda amalga oshiriladi.
Belgilangan hududdagi xususiy mulk bilan bog‘liq masalalar barcha tomonlarning manfaatlarini maksimal darajada hisobga olgan holda hal etiladi.
Xususiy mulk bo‘lgan obyektlar uchun amaldagi qonunchilikka muvofiq kompensatsiya va huquqiy tartibga solish mexanizmlari nazarda tutilgan. Barcha tartib-taomillar hududni rivojlantirish va mulkdorlar huquqlarini saqlab qolish o‘rtasidagi muvozanatni saqlash, shaffoflikni ta’minlash va har bir bosqichda o‘zaro tushunishga erishish uchun tashkil etiladi.
Atrof-muhitni saqlash masalalari
Majmua hududida yashil maydonlarni saqlab qolish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Daraxtlar va tabiiy landshaftning boshqa elementlariga iloji boricha ehtiyotkorlik bilan yondashish ko‘zda tutilgan. Yashil maydonlar ekologik va estetik qiymati darajasiga ko‘ra tasniflanadi va eng muhim namunalarga nisbatan kesish emas, balki ko‘chirib o‘tkazish choralari ko‘riladi. Alohida daraxtlarni olib tashlash muqarrar bo‘lgan taqdirda, kompensatsiya choralari – yangi ko‘chatlarni ko‘paytirilgan hajmda ekish nazarda tutiladi. Shu tariqa hududni ko‘kalamzorlashtirish nafaqat saqlab qolinadi, balki ekologik muvozanat tamoyillariga muvofiq yanada kuchaytiriladi.
Dam olish maskani suv ombori yaqinida joylashganini inobatga olib, qarorda suv resurslarini muhofaza qilishga qaratilgan barcha ekologik talablarga qat’iy rioya qilish belgilangan. Kurort hududida atrof-muhit holati, jumladan, suv sifati ustidan davlat organlari tomonidan doimiy nazorat o‘rnatiladi. Suv havzasi va unga tutash hududlarning har qanday ifloslanishini bartaraf etish imkonini beradigan ishonchli suv chiqarish va oqova suvlarni tozalash tizimini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Barcha muhandislik yechimlari ekologik xavfsizlik va barqarorlikka ustuvor ahamiyat bergan holda amalga oshiriladi.
Loyihani ekologik talablarga rioya qilgan holda amalga oshirish, shu jumladan, loyihani amalga oshirish davrida va loyiha ishga tushgandan keyin chiqindi hamda oqova suvlarining Chorvoq suv ombori va Chirchiq daryosiga tashlanishiga yo‘l qo‘ymaslik, oqova suvlarni Chirchiq shahri oqova suvlarni tozalash inshootiga yo‘naltirish choralarini ko‘rish Sea Breeze Uzbekistan MCHJning asosiy majburiyatlaridan biri etib belgilandi.
Qat’iy nazorat o‘rnatilishi yuzasidan
Qarorda alohida band bilan loyihaning amalga oshirilishi davlat organlari tomonidan qat’iy nazoratga olinishi ta’kidlangan. Respublika Bosh prokuraturasi kurort hududida barcha shaharsozlik va ekologik me’yorlarga rioya etilishini alohida nazoratga oladi. Vazirlar Mahkamasi va Bosh prokuratura dastlabki loyiha yechimlaridan tortib, obyektlarni foydalanishga topshirishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarning shaffofligi va qonuniyligini ta’minlashga mas’ul hisoblanadi. Bunday yondashuv majmuani qurish va undan foydalanishning hech bir jihati e’tibordan chetda qolmasligini, tabiat, davlat va fuqarolar manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlaydi.
Kurort hududini rivojlantirish faqat majmuaning o‘zini qurish bilan cheklanib qolmaydi – loyiha doirasida unga tutash hududni har tomonlama yaxshilash ham ko‘zda tutilgan. Bunday yondashuv nafaqat dam oluvchilar, balki mahalliy aholi uchun ham qulay muhit yaratib, butun tumanning rivojlanishiga barqaror turtki beradi.
Kurort hududini rivojlantirish mintaqaning iqtisodiy salohiyatini mustahkamlashga va mahalliy aholi uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi. Infratuzilmaga sarmoya kiritish xizmat ko‘rsatish darajasini oshirish va sayyohlarni jalb qilish imkonini beradi.
Izoh (0)