Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir butun G‘azoni bosib olishga chaqirdi. Bu haqda The Times of Israel xabar berdi.

Vazir bu bayonotni Quddusdagi Al-Aqso masjidi joylashgan Ma’bad tog‘iga ko‘tarilganida aytgan. U HAMASni tezroq tor-mor qilish, G‘azo sektorini “to‘liq egallash” va keyinchalik anklav aholisining “ixtiyoriy ko‘chib ketishi” uchun sharoit yaratish tarafdori ekanini aytgan.
Aynan shu yerdan, biz (Isroil) suverenitetini namoyish etgan Ibodatxona tog‘idan, signal yuborishimiz lozim: butun G‘azoni egallash, butun sektor ustidan [Isroil] hukmronligini o‘rnatish, HAMASning har bir a’zosini yo‘q qilish va (falastinliklarning G‘azodan) ixtiyoriy ravishda chiqib ketishiga yordam berish kerak. Bu garovga olinganlarni qaytarish va urushda g‘alaba qozonishning yagona yo‘lidir, degan vazir videomurojaatida.
U ushbu murojaatni Islomning asosiy muqaddas joylaridan biri bo‘lgan Qoya gumbazi oldida turib yozib olgan. Ben-Gvir murojaatidan biroz oldin Ma’bad tog‘ida yahudiylarning ibodat yig‘iniga qo‘shilgan. Bu Isroil hukumatidan birinchi marta amaldagi vazirning u yerda ochiq ibodat qilgani bo‘ldi.
Hozirgi kunda amal qilayotgan tartibga ko‘ra, Ma’bad tog‘ida faqat musulmonlar ibodat qilishi mumkin, boshqa din vakillari, shu jumladan, yahudiylar, u yerga faqat sayyoh sifatida tashrif buyurishi va diniy marosimlarni bajarmay, ziyorat qilishi lozim.
Izoh (0)