Suriya shimolidagi Manbij shahrida qurolli to‘qnashuv sodir bo‘ldi. Damashqdagi hukumat va AQSH qo‘llab keladigan kurdlarning Suriya Demokratik Kuchlari (SDF) voqeada bir-birini aybladi. Mojaro tomonlar mart oyida imzolagan muhim integratsiya kelishuviga soya soldi.

Suriya mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, SDF kuchlari armiya postiga raketa hujumi uyushtirgan. Natijada 4 nafar askar va 3 nafar tinch aholi yaralangan. Davlatga qarashli SANA agentligi hujumni “mas’uliyatsiz harakat” deb atadi.
Lekin kurd qurolli guruhi bayonot chiqarib, “hukumat safiga kiruvchi guruhlar aholi maskanlariga o‘nlab snaryadlar bilan hujum uyushtirgani, ular esa shunga muvofiq javob qaytarganini” ta’kidladi. Biroq qurbonlar haqida ma’lumot bermadi.
SDF Damashqni egallagan yangi hukumat bilan davlat institutlariga qo‘shilish bo‘yicha kelishuvni mart oyida imzolagan edi. U Suriya hududining chorak qismini nazorat qilayotgan kurd jangarilarini hukumat tuzilmalariga integratsiya qilishni ko‘zda tutadi.

Biroq kelishuvda SDF armiyaga qanday qo‘shilishi ochiq ko‘rsatilmagan. Kurd yetakchilari o‘z kuchlari “bir butun blok” sifatida qolishi kerakligini aytgan. Damashq esa ular armiyaga alohida shaxs sifatida qo‘shilishni xohlaydi.
“Biz deeskalatsiya kelishuvlariga rioya qilish majburiyatimizni yana bir bor tasdiqlaymiz. Shu bilan birga, Suriya hukumati tegishli idoralarini javobgarlikka chaqirib, intizomsiz guruhlarni nazoratga olishlarini so‘raymiz”, deyiladi SDF chiqargan bayonotda.
Yarim asrlik sulola boshqaruvi qulagach, Damashqda hokimiyatni muxolif guruhlar egalladi. Ular ko‘p millatli va turli e’tiqodli mamlakat xalqini birlashtirishda jiddiy muammolarga duch kelmoqda.
Izoh (0)