Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida 14 yoshli Ozarbayjon fuqarosiga nisbatan terrorizm moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda “Meduza” xabar berdi.

O‘smir ishlamayotgan politsiya punktini yoqib yuborishda ayblanmoqda. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u 2-avgust kuni Moskva maydonida joylashgan, foydalanilmayotgan politsiya binosiga yonuvchi suyuqlik to‘ldirilgan shishani otgan. Natijada binoning tom qismi yongan. Hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan, olov o‘tkinchilar tomonidan o‘chirilgan.
Tergov organlari o‘smir yong‘inni suratga olganini va voqea joyidan qochib ketganini ta’kidlamoqda. Hozirda Ozarbayjon fuqarosi ushlangan. O‘smirning aytishicha, u internetdagi firibgarlik qurboni bo‘lgan.
28-iyul kuni u ijtimoiy tarmoqlarda bir qiz bilan tanishgan va qiz undan Sankt-Peterburgdagi mashhur joylarning manzilini so‘ragan. Keyinchalik yozishmalar o‘chirib yuborilgan va aloqa uzilgan.
O‘smirning so‘zlariga ko‘ra, oradan ko‘p o‘tmay noma’lum erkak u bilan bog‘langan, yuborilgan ma’lumotlar “jinoiy maqsadlarda” ishlatilganini va tashlandiq politsiya punktini yoqib yuborish orqali “aybini yuvishi” mumkinligini aytgan.
Buning evaziga o‘smirga 250 ming rubl va’da qilingani aytilmoqda. Ayblanuvchiga qo‘zg‘atilgan ish 12 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini nazarda tutadi.
Izoh (0)