Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedovning taklifiga binoan 4—5-avgust kunlari amaliy tashrif bilan Turkmanboshi shahrida bo‘ladi.

Prezident matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, mamlakat yetakchisi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasi tadbirlarida ishtirok etadi.
“Avaza” milliy sayyohlik zonasida bo‘lib o‘tadigan tadbirda BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish, xorijiy davlatlar va hukumatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari qatnashadi.
Konferensiya kun tartibidan transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash va savdo tartib-taomillarini soddalashtirish, iqtisodiy transformatsiya, iqlim o‘zgarishi va atrof-muhit uchun xatarlarga bardoshlikni oshirish, Barqaror rivojlanish maqsadlarini ro‘yobga chiqarishda xalqaro hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb masalalari o‘rin olgan. “Avaza” siyosiy deklaratsiyasi va harakatlar dasturining qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston yetakchisi Turkmanistonga tashrif doirasida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish masalalariga bag‘ishlangan tadbirda ham ishtirok etadi hamda qator ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazadi.
Shavkat Mirziyoyev 2024-yil oktyabr oyida amaliy tashrif bilan Turkmanistonga tashrif buyurgan edi. Unda O‘zbekiston yetakchisi turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligiga bag‘ishlangan “Zamon va sivilizatsiyalarning o‘zaro bog‘liqligi – tinchlik va taraqqiyot asosi” xalqaro forumining yalpi majlisida nutq so‘zlagandi.
Izoh (0)