Anqara Shimoliy Atlantika alyansi(NATO)dan chiqish ehtimolini ko‘rib chiqmayapti. Bu haqda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on raisligidagi Adolat va taraqqiyot partiyasi matbuot kotibi O‘mer Chelik 25-yanvar kuni ma’lum qildi.
“Har saylovda bunday holatlarga (Turkiyani NATOdan chiqarish chaqiriqlariga — “Daryo” izohi) duch kelamiz. Bular bizni xavotirga soladigan narsalar emas. Turkiyani NATOdan chiqarish kerakligi haqida gapirayotganlarning so‘zlarida asos yo‘q. Bu haqda gap bo‘lishi ham mumkinmas. Biz NATOga asos solgan davlatlardan birimiz. Ular bu haqda gapirishga haqli emas”, — dedi Chelik CNN Turk telekanaliga bergan intervyusida.
25-yanvar kuni ertalab Turkiyaning “Vatan” partiyasi raisi o‘rinbosari Ethem Sanjak Turkiya Anqaraga qarshi provokatsion harakatlar tufayli 5—6 oy ichida NATOni tark etishi mumkinligini aytgandi. Uning soʻzlariga koʻra, soʻnggi soʻrovlar Turkiya aholisining kamida 80 foizi “AQSH Turkiyaga nisbatan eng dushmanona va buzgʻunchi siyosat olib borayotgan davlat” ekaniga ishonch bildirgan. Siyosatchi “so‘nggi paytlarda turk xalqi Rossiya va Vladimir Putinga hamdard bo‘la boshlaganini” ta’kidladi.
19-yanvar kuni “Vatan” partiyasi respublika hukumatini Shimoliy Atlantika alyansidan chiqishga chaqiruvchi “NATOdan chiqaylik” umummilliy kampaniyasi boshlanganini e’lon qilgandi. Ushbu kampaniya doirasida siyosiy harakat bir qator shaharlarda maydonlarda tegishli petitsiyalarni imzolash uchun stollar tashkil qilishni, NATOning Turkiyadagi bazalariga qarshi miting va norozilik namoyishlarini o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Partiya rahbari Dog‘u Perinchek “Kuchli NATO Turkiya uchun kuchli tahdid degani” deb ta’kidlagan.
Izoh (0)