8-yanvar sanasiga bog‘liq diqqatga sazovor voqealar qatoridan Moskva metrosida amalga oshirilgan birinchi terakt, Kongodagi bozorga qulab, salkam 300 kishining umriga zomin bo‘lgan Rossiya samolyoti hamda 14 yoshida shaxmat bo‘yicha AQSH chempioniga aylangan Bobbi Fisherga oid faktlar o‘rin olgan.
Moskva metrosidagi birinchi terakt
1977-yil 8-yanvar kuni Moskva tarixidagi birinchi terakt Rossiya poytaxti metrosini larzaga keltirgan. Moskvaning markaziy ko‘chalarida bir vaqtning o‘zida yana ikkita portlash yuz bergan. Mazkur hujumlar oqibatida yetti kishi halok bo‘lgan, 37 kishi jarohatlangan.Shu kuni Moskva ko‘chalarida odam ko‘p edi — poytaxt aholisi Yangi yil sayrlarini yakunlab, kundalik ishlarga tayyorgarlik ko‘rayotgandi. Odamlar ko‘chada to‘da-to‘da bo‘lib harakatlangan, metroda ham yo‘lovchilar ko‘p bo‘lgan. Kechga yaqin poyezdlardan biri Arbatsko—Pokrovskaya yo‘nalishi bo‘ylab shtat rejimida harakatlangan. Soat 17:33 da tarkib “Izmaylovskaya” va “Pervomayskaya” stansiyalari orasidagi ochiq peregonga chiqqan vaqtida kuchli portlash yuz bergan — uchinchi vagondagi bomba ishga tushib ketgan.
Shu ondayoq Moskvadan barcha avtomobillarning chiqib ketishini taqiqlash bo‘yicha ko‘rsatma kelib tushgan, aeroport va temiryo‘l vokzallarida yukxonalar hamda hujjatlarni tekshirish rejimi kuchaytirilgan. Portlash joyiga tez yordam mashinalari kela boshlagan: tibbiy yordam bir necha yaradorga talab etilgan. Ular orasida bolalar ham bor edi.
Terakt oqibatida yetti yo‘lovchi halok bo‘lgan. Ular orasida Moskvaga Yangi yil ta’tili uchun kelgan 10-sinf o‘quvchisi ham bo‘lgan. Shu bilan birga, ekspertlarning baholashicha, portlash poyezd tunnelda bo‘lgan vaqtida yuz berganida, qurbonlar soni ancha ko‘p bo‘lardi.
Oradan besh daqiqa o‘tib, soat 18:10 da 25-oktabr ko‘chasidagi chiqindi idishiga joylashtirilgan bomba portlagan. Qurilma gastronomda portlagan uskuna kabi edi. Ushbu portlashda hech kimga shikast yetmagan: chiqindi idishi sifatli cho‘yandan yasalgani bois portlash zarbasiga bardosh bergan.
Bir vaqtning o‘zida yuz bergan uchta portlash kuch tuzilmalari vakillarida hech qanday shubha qoldirmagan — poytaxtda terrorchilik hujumi uyushtirilgan edi. Ovga chiqib ketgan Leonid Brejnev zudlik bilan Moskvaga qaytgan va “KGB”ning eng yaxshi xodimlariga jinoyatni tergov qilishni buyurgan. Operatsiya “Portlatuvchilar” shartli nomi ostida olib borilgan.
Tergovchilar birinchi navbatda guvohlarni so‘roq qilishga kirishgan, ammo 500 ga yaqin guvohning ko‘rsatmalaridan deyarli hech qanday ma’lumot olinmagan. Tezkor xodimlar voqea joylarida dalillarni qidirishga tushadi — portlovchi qurilmalarning eng mayda detallari ham yig‘ib olingan. Ko‘p o‘tmay ekspertlar metroda ishga tushgan bomba tarkibida 1 kilogramm portlovchi aralashma va soat mexanizmi bo‘lganini aniqlagan.
Soat mexanizmini o‘rganib chiqqan tergovchilar xulosaga kelgan: bunday qurilmani faqat elektromexanikaga yaxshi tushunadigan inson yig‘a oladi, masalan — muhandis. Sud-tibbiyot ekspertlari eng muhim dalillarni qo‘lga kiritgan: metrodagi marhumlardan birining jasadi yorib ko‘rilganida uning yuragi ostidan ko‘k rangga bo‘yalgan metall parchasi topilgan. Bu portlovchi qurilma yashirilgan oshxona idishining tutqichi edi. Shu bilan birga, mazkur qozonsimon idish oddiy bo‘lmagan: u Xarkovda 50 nusxada chiqarilgan. Boshqa ma’lumotlarga ko‘ra, bunday idishlar faqat Ukraina va Kavkazortida sotish uchun mo‘ljallangan.
Terrorchilar bombani olib kirgan sumka bo‘laklarini o‘rganish davomida ekspertlar jigarrang sun’iy charm Nijegorod viloyatidagi zavodda ishlab chiqarilganini aniqlagan. “KGB” xodimlaridan biri Toshkent aeroportidagi yo‘lovchining qo‘lida shu kabi sumkani ko‘rib qolmagunga qadar uning qayerda ishlab chiqarilgani noma’lum edi.
Moskvalik tergovchilar uning yorlig‘i yordamida ishlab chiqaruvchi haqidagi ma’lumotlarni topgan — Yerevandagi charm buyumlar fabrikasi. Korxona bilan bog‘langan tezkor xodimlar bunday sumkalar faqat mahalliy do‘konlarda sotilganini ma’lum qilgan.
Bundan tashqari, bomba sport gazetasiga o‘ralgan edi. Xodimlar unga obuna bo‘lgan barchani tekshirib chiqqan. “Bu juda keng ko‘lamli ishlar edi, biz ko‘milib qolgandik — tasavvur qiling, 2 million obunachi”, — degandi “KGB” xodimi Aleksandr Mixaylov.
Moskvadagi portlashlar bahonasida Sovet Ittifoqidagi barcha huquqbuzarliklar yaxshilab tekshirilgan. Qo‘lga olinganlar orasida terrorchilar bo‘lmasa-da, huquq-tartibot organlari butun mamlakat bo‘ylab o‘nlab jinoyatlarni ochishga erishgan.
Moskvadagi teraktdan yarim yil o‘tib, 1977-yil kuzida Sibirdan Dog‘istonga oilasi bilan ketayotgan yo‘lovchi Kursk vokzalida o‘z yukxonasi oldida qoldirib ketilgan oq xo‘jalik sumkasiga e’tibor qaratgan. Uning ichiga qaragan erkak sport kurtkasi va qalpoq ostiga yashirilgan bombani ko‘rgan. Erkak qo‘rqqanidan sumkani militsiyaga olib borgan va halok bo‘lishiga bir baxya qolgan.
“Bo‘linma navbatchisi tumblyorni o‘ng tarafga siljitgan… Baxtimizga 16-17 soat lampochkani ishlatgan batareya bu vaqtga kelib shu qadar o‘tirib qolgandiki, uning kuchi detonatorni portlatishga ham yetmagan”, — degan edi “Portlatuvchilar” ishiga rahbarlik qilgan general-mayor Vadim Udilov.
Sumkadagi narsalar diqqat bilan ko‘zdan kechirilgach, u o‘z mevasini bera boshlagan — kurtkada Yerevanga tegishli yorliq yopishtirilgan, qalpoqda esa qora soch bo‘lgan. Zudlik bilan poyezddagi ust kiyimi yo‘q barcha qora sochli erkaklarni tekshirish buyurilgan.
Armaniston va Gruziya SSR o‘rtasidagi chegara nazoratining militsiya bo‘linmasi xodimi Moskva—Yerevan poyezdining yuqori qavatida yotgan erkakka e’tibor qaratgan. U berilgan belgilarga mos kelardi: sochlari qora, havo sovuq bo‘lishiga qaramay, kurtkasiz.
Ammo sport ishtoni o‘rniga shim kiyib olgandi. Tezkor xodim noma’lum shaxsning paypog‘iga qiziqib qolgani bahonasida shimi ostidagi ishtonni ko‘rgan. Hech qanday shubha qolmagan edi. Familiyasini Stepanyan deya tanishtirgan erkakning na yuklari va na hujjatlari bor edi. Uning sherigining ham biror hujjati bo‘lmagan — ular “KGB”ning Armanistondagi bo‘linmasiga olib borilgan. Gumonlanuvchilar shaxsiga tezda aniqlik kiritilgan: ulardan biri yerevanlik 28 yoshli payvandchi Akop Stepanyan va uning qarindoshi 23 yoshli Zaven Bagdasaryan edi.
Stepanyanning uyi tekshiruvdan o‘tkazilgan vaqtda u yerda portlovchi qurilmalar uchun kerak bo‘ladigan barcha ehtiyot qismlar topilgan — ular shu kabi 37 ta bombaga yetardi. Tezkor xodimlar xonani plombalash bahonasida u yerda ovoz yozib olish qurilmasini joylashtirgan. Bunday manyovr o‘z natijasini bergan: Stepanyanovlar oilaviy suhbatda terakt tashkilotchisi familiyasini tilga olgan.
Ota to‘ng‘ich o‘g‘lidan so‘raydi: “Nima bo‘ldi?” va o‘g‘il javob qaytargan: “Ota, bilasanmi? Bu Zatikyan bilan bog‘liq, qo‘rqamanki, ukamizni boshqa ko‘rmaymiz”. Shu orqali u o‘zlarining yetakchisi Zatikyan ekanini bildirib qo‘ygan.
Mazkur voqea bo‘yicha sud ishi 1979-yil yanvarda boshlangan — tergovchilar 60 tomdan ortiq jinoyat ishi hujjatlarini tayyorlagandi. Sudda Stepanyan teraktlarga aloqasi borligini rad etmagan. U sovet hukumatini tan olmasligini va SSSRda odil sudlov yo‘qligini bildirgan, shuningdek, Armaniston Sovet Ittifoqi tarkibida ekan, unga hech qanday foyda bo‘lmasligini aytgan. 1979-yil 24-yanvarda hukm chiqarilgan — ayblovchilarning uchalasi ham otish yo‘li bilan o‘limga hukm etilgan.
Kongodagi bozorga kelib urilgan samolyot
1996-yil 8-yanvar kuni Kongoda Rossiyaga tegishli “An-32B” yuk tashuvchi samolyoti uchish-qo‘nish yo‘lagi orqali Kinshasa shahridan Kaxembu tomon otlangan, biroq havoga ko‘tarila olmagandi. Halokat guvohlarining ta’kidlashicha, samolyotni uchirish vaqtida uning tumshuq qismi ko‘tarilmagan.U katta tezlikda uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketgan va shu yaqin atrofdagi bozorga borib urilgan. Aeroport shahar markazida joylashgan edi. U yerda odatda qashshoq odamlar to‘plangan — qolgan fuqarolar ancha yaxshiroq dahalarda yashashni ma’qul ko‘rgan.
Samolyot savdo qatorlari bo‘ylab 240 metrga yaqin sudralgan va bozordagi qurilish binosiga urilib, yonib ketgan. Omon qolgan kongoliklar qocha boshlagan, biroq yuzlab insonlarga yordam berish imkonsiz edi. Mahalliy OAVlarning yozishicha, bozorni odamlar chinqirig‘i, yordam so‘rab ibodat qilayotganlar nolasi tutgan.
Ko‘ngilsiz hodisa oqibatida 298 kishi halok bo‘lgan — ulardan biri ekipaj a’zosi edi. Yana 253 kishi turli darajadagi tan jarohatlarini olgan. Qurbonlarning aksariyati ayollar va bolalar bo‘lgan. Halok bo‘lganlarning jasadlari shu qadar ezilganki, faqat 66 kishining shaxsiga aniqlik kiritilgan, xolos. Shaxsi aniqlanmagan qurbonlar birodarlik qabristoniga dafn etilgan.
Mahalliy aholi halokatga uchragan “An-32B”ni ertasi kuniyoq metallolomga tashib ketgan. Samolyot 1993-yilda asos solingan “Moskva havo yo‘llari” aviakompaniyasiga tegishli edi — u “Sheremetyevo 2” korxonasi kabi yuridik jihatdan mustaqil bo‘linma hisoblangan. Qanchadir vaqtdan keyin kompaniyalar birlashgan, biroq “Moskva havo yo‘llari” korxonasi mustaqilligini saqlab qolishga erishgan.
Halokatdan oldin, 4-yanvar kuni Moskva havo transporti mintaqaviy boshqarmasi komissiyasi kompaniya faoliyatini to‘xtatgan edi — tashkilot fikricha, laynerlar o‘z parvozlarida jiddiy qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘ygan. Bundan tashqari, havo kemalariga sifatsiz texnik xizmat ko‘rsatilayotgani aniqlangandi. Shunga qaramay, “Moskva havo yo‘llari” noqonuniy ravishda parvozlarini davom ettirgan. Ularning oxirgisi Kinshasadagi fojiaviy reys edi.
Aviakompaniya vakillari halokat vaqtida samolyot texnik jihatdan soz bo‘lganini ta’kidlasa-da, 1996-yil 26-fevral kuni Moskva transport prokuraturasi “Yo‘l harakati xavfsizligi va transportdan foydalanish qoidalarini buzish” moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.
Shunga qaramay, Transport vazirligi nimanidir aniqlashga muvaffaq bo‘ladi. Ma’lum bo‘lishicha, ekipajning texnik boshqaruvni tekshirish muddati yakunlangan edi. Ekipaj a’zolari tomonidan ortilayotgan yuk nazorat qilinmagan, natijada havoga ko‘tarilish massasi ortib ketgan va halokatni yuzaga keltirgan.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, samolyotning parvozga ruxsat etilgan massasi 27 ming kilogrammni tashkil etgan, biroq fojia vaqtida u 45 ming kilogrammni tashkil etgan. Shuningdek, Transport vazirligining hisoblashicha, ekipaj noprofessional harakat qilgan — uning a’zolari vaziyatga kech baho bergan va parvozni to‘xtatish bo‘yicha choralarni kech ko‘rgan.
Kongoda besh oy davom etgan sud “An-32”ning ikki uchuvchisi — Nikolay Kazarin va Andrey Guskovni aybdor deb topgan. Majlisda ular avvaliga bir-birini ayblagan, keyin esa ayb N’Dolo aeroporti xodimlarida ekanini ta’kidlashga tushgan.
“Aeroportda ikki tonna yuk uchun mo‘ljallangan hujjatga imzo qo‘ydirishdi, aslida samolyot bortida 11 tonnaga yaqin yuk bor edi”, — degandi Guskov sud zalida.
Rossiya hukumati uchuvchilarni o‘z yurtiga qaytarishga uringan, ammo Kongo sudi ularni ikki yilga ozodlikdan mahrum etgan. Ekipajning qolgan a’zolari Rossiyaga qaytishga muvaffaq bo‘lgan. Aviakompaniya 1,4 million dollarga jarimaga tortilgan. Rossiya hukumati jabrlanganlarga zudlik bilan gumanitar yordam ko‘rsatish uchun 20 ming dollar ajratgan.
Telba daho — o‘zini o‘zi mot qilgan Bobbi Fisher
1957-yil 8-yanvar kuni Bobbi Fisher 14 yoshida shaxmat bo‘yicha AQSH chempioniga aylangan edi. U shaxmat olamini o‘zgartirib tashlashga muvaffaq bo‘lgan, biroq hayotidagi eng muhim g‘alabani qo‘lga kiritganidan keyin, barchasini qo‘ldan boy bergan.Amerikalik Bobbi Fisher — shunchaki shaxmat bo‘yicha 11-jahon chempioni emas. U butun boshli sportga yondashuvni o‘zgartirgan, Sovuq urush va Amerika muvaffaqiyati ramziga aylangan. 1972-yilda u karyerasidagi eng yirik g‘alabaga erishib, Qo‘shma Shtatlarning milliy qahramoni deya e’tirof etilgan. Ammo shundan keyin Fisher birorta rasmiy partiya o‘ynamagan, zohidga aylangan va barcha narsasidan ayrilgan. 1975-yil 3-aprel kuni Robert Fisher shaxmat bo‘yicha jahon chempioni unvonidan mahrum etilgan.
Yosh Robert shaxmat bilan olti yoshidan boshlab shug‘ullangan — unga opasi Joan o‘rgatgan edi. Yangi ermak uni butunlay o‘z domiga tortib ketgan. Bobbi tengdoshlari shaxmat o‘ynamagani uchun ular bilan muloqot qilmay qo‘ygan. Yigitcha ajoyib xotirasi va xorij tilini o‘rganish qobiliyati bilan ajralib turgan, shu bois 12 yoshida u nafaqat ingliz tilida, balki nemis, rus va ispan tilidagi shaxmat adabiyotlarini o‘qishga kirishgan.
10 yoshida Bobbi o‘zining birinchi shaxmat turnirida qatnashgan — bu vaqtga kelib u o‘z tengdoshlariga e’tibor ham bermay qo‘ygandi. 13 yoshida Fisher yoshlar o‘rtasida AQSH chempioniga aylangan, 14 yoshida esa kattalar o‘rtasida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan — Amerika shaxmati tarixida oldin bunchalik yosh chempion bo‘lmagan edi. Oradan bir yil o‘tgach, Bobbi maktabni tashlashga va hayotini to‘liq shaxmatga bag‘ishlashga qaror qilgan. 16 yoshga to‘lganida Fisher dunyodagi eng yosh grossmeysterga aylangan.
1958-yilda Fisher birinchi va oxirgi marta Sovet Ittifoqiga kelib, yaqinda jahon chempioni unvonini qaytarib olgan Botvinnik bilan dona surish niyatini ma’lum qilgan. AQSH chempionining talabi rad etilgan, shu bois u boshqa sovet shaxmatchisi bilan bir nechta blits-partiya o‘ynab, ortga qaytib ketgan. 1959-yilda Robert Yugoslaviyadagi turnirda omadsiz chiqish qilgan, ammo uning muvaffaqiyatsizligi shaxmatchini sindirib qo‘ymagan, balki yanada toblagan.
Fisherning shaxmat Olimpiga chiqishi 1960-yillar boshiga to‘g‘ri kelgan. Amerikalik qator jiddiy xalqaro turnirlarda g‘alaba qozongan. 1962-yilda u sovet shaxmatchilari kelishuvga asoslangan durranglar hisobiga yuqori pozitsiyalarni egallashi haqida kitob yozgan. Shuningdek, Fisher musobaqa nizomlarini muntazam buzib kelgan. U doim kech qolar, partiyalari vaqtini o‘zgartirar edi. Bundan tashqari, har doim gonorarlarini oshirishni talab qilgan.
Fisher shunchaki 0:2 hisobida yutibgina qolmay, haqiqiy master-klass ko‘rsatgan — 29 yoshli amerikalik jahon chempioni. Fisher o‘z g‘alabasini oddiy qabul qilgan, AQSHda esa u milliy qahramonga aylangan.
Mazkur g‘alabadan keyin Fisher AQSHda milliy qahramon sifatida kutib olingan. AQSHga qaytishi bilan uni prezident Nikson Oq uyga taklif qilgan, biroq u buni quyidagicha bahona bilan rad etgan: “Ovqat chaynayotganimda og‘zimga qarashlariga chiday olmayman”.
G‘arb matbuoti Fisherni ko‘klarga ko‘tara boshlagan, ko‘plab mashhur insonlar — qo‘shiqchilar, aktyorlar — u bilan do‘stlashish va undan shaxmat o‘ynashni o‘rganishni xohlashardi. Fisherning g‘alabasi G‘arbda ushbu o‘yinning ommalashishiga xizmat qilgan.
Fisherning o‘zi sodir bo‘layotgan voqealarga xotirjam qaragan, odatdagi hayot tarzini davom ettirgan. Intervyu berishni istamagan, faqat tor doiradagi do‘stlari bilan muloqot qilishni ma’qul ko‘rgan, ko‘p millionlik reklama shartnomalaridan voz kechgan (mish-mishlarga ko‘ra, Fisherga Volkswagen avtomobilini reklama qilishni taklif etishgan, biroq u tovar bilan shaxsan tanishib chiqqan va uning ko‘plab kamchiliklariga guvoh bo‘lganda “o‘z joniga qasd qiladiganlar uchun avtomobil reklama qilmayman” degan). U o‘zi ishtirok etadigan jamoatchilik tadbirlariga narx belgilagan: xat o‘qib berishi uchun 1000 dollar, telefonda muloqotga — 2500, shaxsiy uchrashuvga — 5000, intervyu uchun — 25 ming dollar.
Spasskiy bilan matchdan oldin Fisher jurnalistlarga shaxmat tojini qo‘lga kiritgach, butun dunyo bo‘ylab sayohat qilishi va katta gonorarlar evaziga o‘ynashini, shaxmat dunyodagi eng qimmat o‘yinga aylanishini aytgan. Biroq ushbu bahsning so‘nggi partiyasi Fisherning rasman oxirgi o‘yiniga aylangan.
2007-yilda Fisher buyrak yetishmovchiligi bilan shifoxonaga yotqizilgan. Unga operatsiyani taklif qilishgan, ammo u buni rad etgan. Buning oqibatida Fisher 2008-yilning 17-yanvarida vafot etgan va u Reykyavikdan 50 kilometr naridagi Selfoss shaharchasidagi qabristonga dafn etilgan.
“Kun xronologiyasi” loyihasi doirasida har kuni ertalab soat 09:30 da ushbu sanaga bog‘liq eng muhim va qiziqarli voqealar yoritib boriladi.
Izoh (0)