Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi rahbari Oqilbek Japarov Xitoy–Qirg‘iziston—O‘zbekiston temiryo‘li qurilishiga qancha mablag‘ ketishini aytdi. Bu haqda 24.kg xabar berdi.
Japarovga ko‘ra, mamlakatda amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ikkita yirik loyiha bor. Ulardan biri Qambarota GESi qurilishi bo‘lib, 2023-yilda qurilish va tayyorgarlik ishlari yakunlanishi kutilmoqda. Ikkinchi yirik loyiha esa Xitoy–Qirg‘iziston—O‘zbekiston temiryo‘li qurilishi hisoblanadi.
“Aprel oyida Xitoyning loyiha instituti bizga hujjatlarni taqdim etishi kerak. Qurilish 3 dan 5 milliard dollargacha baholanmoqda. Qambarota GESi loyihasi qanchaga tushishi hozircha noma'lum. Lekin uning narxi temiryo‘lnikiga teng bo‘lishi kutilmoqda”, — deydi Oqilbek Japarov.
Ma’lumot o‘rnida, oktabr oyida Eron Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temir yo‘lini o‘z chegaralarigacha uzaytirishni taklif qilgandi. Qirg‘iziston bu orqali dengizga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lishi qayd etilgan.
Izoh (0)