Gruziyada AQSH bilan hamkorlikda o‘tkaziladigan Noble Partner-2022 ko‘pmillatli harbiy mashg‘ulotlarda 2,4 mingdan ortiq harbiy xizmatchi ishtirok etadi. Bu haqda Gruziya Mudofaa vazirligiga tayanib, “Interfaks” xabar berdi.
Ushbu mashg‘ulotlar Gruziyada oltinchi marta tashkil etilmoqda, ular 2015-yildan beri o‘tkazib kelinadi.
Mashg‘ulotlarda Yaponiya va Shvetsiya harbiylari ilk bor ishtirok etadi, deya ta’kidladi vazirlik. Ulardan tashqari, Gruziya va Amerika harbiylari, Bolgariya, Ruminiya, Moldova, Gretsiya, Buyuk Britaniya, Turkiya, Slovakiya, Norvegiya, Vengriya, Litva, Ozarbayjon, Germaniya, Bosniya va Gersegovina, Estoniya, Polsha, shuningdek, Litva—Polsha—Ukraina ko‘p millatli brigadasining harbiy xizmatchilari ishtirok etadi.
Mudofaa vazirligining ta’kidlashicha, mashg‘ulotlardan maqsad “Qora dengiz mintaqasida barqaror va xavfsiz muhitni ta’minlash uchun Gruziya, AQSH, mintaqaviy hamkorlar va ittifoqchilar o‘rtasida tayyorlik va o‘zaro muvofiqlikni oshirishdir”.
Mashg‘ulotlarning boshlanish sanasi ma’lum qilinmagan.
O‘tgan hafta Gruziya Mudofaa vazirligi Germaniyadan Amerika harbiy texnikasi mamlakatga kela boshlagani, ulardan mashg‘ulotlarda foydalanilishi haqida xabar bergandi.
Izoh (0)