Navoiy, Qashqadaryo, Sirdaryo viloyatlari ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarma boshliqlari ishdan olindi. Bu haqda Davlat ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, qo‘mita tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi yig‘ilishda 2022-yilning o‘tgan davr mobaynida erishilgan yutuqlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ko‘rib chiqildi. Ijobiy natijalar e’tirof etilib, kamchiliklar tanqid qilindi.
Yig‘ilishda ekologiya sohasiga oid qonunlar va prezident farmon va qarorlari ijrosining bajarilishi hamda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar va mamlakatimizda chiqindi sohasida qilinayotgan ishlarning bajarilish kabi masalalar muhokama qilindi.
Tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tgan yig‘ilishda o‘z ishiga mas’uliyatsizlik bilan yondashgan Navoiy, Qashqadaryo, Sirdaryo viloyatlari ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarma boshliqlari ishdan olindi.
Shuningdek, Davlat ekologiya qo‘mitasi markaziy apparatining uch nafar mas’ul xodimlariga, “Yashil makon” umummilliy loyihasiga bevosita mas’ul bo‘lgan uch nafar hududiy boshqarma boshliqlarining birinchi o‘rinbosarlariga va chiqindi sohasini boshqarishga mas’ul bo‘lgan hududiy boshqarma boshliqlarining ikkinchi o‘rinbosarlariga hayfsan intizomiy choralari qo‘llanildi.
Bundan avval daraxtlarning nobud qilinishi masalasi ortidan Toshkent shahar Chilonzor tumani hokimi Shavkat Mavlonov va prokurori Izzatilla Bozorov lavozimidan ozod etilgandi.
Mavzuga doir: Toshkentda ekologik reyd boshlandi
Izoh (0)