Belarus muxolifati yetakchisi Svetlana Tixanovskaya Ukraina qurolli kuchlari safida Belarus fuqarolaridan iborat bir necha batalon borligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina tomonida jang qilayotgan belarusliklarning umumiy soni 1,5 ming kishini tashkil qiladi.
“Urush boshlanganda, Belarusdagi ko‘pchilik aholi ukrainaliklarga yordam berish kerak deb o‘yladi, shuning uchun batalyon tashkil etildi. Hozir ular 1500 kishidan iborat. Aslini olganda, bitta emas: ular Ukraina armiyasi boshchiligida turli shaharlarga bo‘lingan”, — dedi Tixanovskaya Italiyaning Corriere della Sera gazetasiga bergan intervyusida.
Svetlana Tixanovskayaning qo‘shimcha qilishicha, belarusliklarning yana bir qismi Ukraina Qurolli kuchlari safiga qo‘shilish uchun boshqa mamlakatlarda tayyorgarlik o‘tamoqda. Siyosatchi ularning soni va joylashuvini oshkor eta olmasligini aytdi. “Ularning aksariyati harbiy amaliyotlarda qatnashish tajribasiga ega bo‘lmagani uchun tayyorgarlikka muhtoj odamlardir”, — dedi u.
Urush boshida Ukraina hukumati xalqaro hududiy mudofaa legionini tuzgan edi, unga boshqa mamlakatlardan ko‘ngillilar qo‘shilishi mumkin. 7-mart kuni Ukraina Mudofaa vazirligi legionda 20 ming kishi borligi haqida xabar bergan.
Izoh (0)