Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev “superprezidentlik boshqaruv shaklidan kuchli parlamentga ega prezidentlik respublikasiga” o‘tish kerakligini ma’lum qildi. Bu haqda u 16-mart kuni Qozog‘iston xalqiga yo‘llagan murojaatnomasida ta’kidlab o‘tdi, deb xabar beradi “TASS”.
“Bugungi kunda bizda hamma narsa prezidentga bog‘liq va bu to‘g‘ri emas. Bosqichma-bosqich ushbu amaliyotdan voz kechish kerak. Davlatning uzoq muddatli manfaatlari men uchun biror qo‘shimcha hokimiyat richaglari va vaziyatga ta’sir ko‘rsatishdan ko‘ra muhimroq”, — deydi To‘qayev.Murojaatnomada davlat rahbari quyidagi o‘zgarishlarni e’lon qilgan:
- prezidentni vakolat muddati davomida partiyalarga a’zoligini tugatish majburiyati;
- davlat rahbarining qarindoshlariga davlat va davlat ishtirokidagi kompaniyalarda yuqori lavozimlarni egallashni taqiqlash;
- prezidentni viloyat rahbarlarining qarorlarini bekor qilish va ularni lavozimdan olish huquqdan mahrum qilish;
- parlament yuqori palatasidagi prezident vakillari sonini 15 tadan 10 ta tushirish;
- partiyalarni ro‘yxatga olish bo‘yicha tashabbus guruhi a’zolarining sonini 20 ming kishidan 5 ming kishiga qisqartirish.
2017-yilda Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev ham prezidentlik hokimiyatini cheklovchi islohotlarni amalga oshirgan. Tanqidchilarning ta’kidlashicha, aslida islohotlar prezident hokimiyatini mustahkamlashga xizmat qilgan.
Bundan oldin Darig‘a Nazarboyeva Qozog‘iston Parlamenti Majlisining deputatligidan ketgani, Qozog‘istonda sobiq mudofaa vaziri hibsga olingani, To‘qayev Qozog‘iston prezidenti lavozimida ikki muddatdan ortiq qolmaslikka va’da bergani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)