Gollivud yulduzlari ommaviy e’tiborga ko‘nikib qolgan, ammo ayrim muxlislar shaxsiy chegaralardan o‘tib ketadi. Ba’zi voqealar tabassum uyg‘otadi, hatto aktyorlarning o‘zlari ham keyinchalik bu haqda kulib eslashadi. Biroq shunday holatlar ham borki, odamning etini junjiktirib yuboradi.
Jodi Foster va prezidentga suiqasd
Eng dahshtli voqealardan biri 1981-yil 30-martda sodir bo‘lgan. O‘sha kuni kichik Jon Xinkli AQSH prezidenti Ronald Reyganga suiqasd uyushtiradi. Eng hayratlanarlisi shundaki, u buni davlat rahbari yoki mamlakatdagi vaziyat yoqmagani uchun qilmagan. Aksincha, u yosh aktrisa Jodi Fosterda taassurot qoldirmoqchi edi. Xinkli “Taksist” filmini ko‘rgandan so‘ng Fosterni sevib qolgandi.
Bundan oldin esa Foster Yel universitetiga o‘qishga kirganda, Xinkli uning ortidan Nyu Xeyvenga boradi. Uzoq vaqt davomida uni ta’qib qilib, xatlar yozadi, telefon qiladi. Ammo muhabbati javobsiz qoladi.
Suiqasd natijasida prezident va yana uch kishi jarohat oladi. Xinkli ruhiy kasallikka chalingan deb topilib, psixiatriya klinikasiga joylashtiriladi.
Nikolas Keyj va muzqaymoq yalayotgan yalang‘och odam
Nikolas Keyj shunchaki kino tarixidagi eng g‘alati ikki ta’qib qurboniga aylandi. 1999-yilda “O‘liklarni tiriltirish” trillerini suratga olish paytida uni ta’qib qila boshlashadi.
Notanish odam qandaydir yo‘l bilan suratga olish maydoniga kirib, pantomimalar ijro etardi. Prodyuserlar xavfsizlikni kuchaytirishga majbur bo‘ladi.
Boshqa voqea 2011-yilda Orinj-Kauntida tungi soat ikkida yuz beradi. Nimadir Keyjni tun yarmida uyg‘otib yuboradi. U ko‘zini ochganda, uning charm kamzulini kiygan yalang‘och bir erkak karavot yonida turib eskimo yeyayotganini ko‘radi. Aktyor politsiya chaqiradi, lekin notanish kishiga qarshi ariza bermaydi.
Sandra Bullok va haddidan oshgan muxlis
2014-yil iyun oyida Sandra Bullok juda dahshatli voqeani boshdan kechiradi. Joshua Korbett yulduzning Bel-Eyrdagi hovlisi devoridan oshib o‘tib, uyiga bostirib kiradi. Bunga qadar u Bullokka muntazam ravishda maktublar yo‘llab, o‘zini uning eri deb atagan.
Yaxshiyamki, Bullok shovqindan uyg‘onib ketadi va gardirob xonasiga qamalib olishga hamda politsiyani chaqirishga ulguradi. Jinoyatchining uyini tintish chog‘ida ko‘p miqdorda o‘qotar qurollar va aktrisaning suratlari topiladi.
Sud unga ruhiy kasalxonada davolanishni va aktrisaga yaqinlashishni taqiqlaydi. Shundan so‘ng u sinov muddati bilan ozod qilinadi, ammo bu shartlarga rioya qila olmaydi. 2018-yil may oyida politsiya uni hibsga olish uchun uyiga kelganda o‘zini otib qo‘yadi.
Kira Naytli va miyovlaydigan fanat
Kira Naytli ham juda g‘alati ta’qibga uchragan. 2017-yilda musiqachi Mark Revill uni kuzatib yuradi. U aktrisaning uyiga kelib, pochta qutisi orqali miyovlashni boshlardi.
Miyovlashdan tashqari, Revill aktrisa uchun mushuklar haqidagi qo‘shiqlar yozilgan fleshkalar va tabrik xatlar qoldirardi. Kimgadir bunday his-tuyg‘ular izhori yoqimli tuyulishi mumkin, ammo u ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini “ommaviy jallod” deb atardi. Bundan tashqari, uning aktrisaga yuborgan ko‘plab xabarlari tahdidli edi.
Oxir-oqibat sud paranoid shizofreniya bilan og‘rigan Revillni noma’lum muddatga ruhiy kasalliklar shifoxonasiga majburiy davolanishga yuboradi.
Izoh (0)