Rossiya NATO chegarasidan 25 kilometr uzoqlikda ulkan obyekt qurmoqda. Bu haqda Bild xabar berdi.

Sun’iy yo‘ldosh tasvirlari Kaliningrad viloyatida yirik radiorazvedka stansiyasi qurilayotganini ko‘rsatmoqda. Qurilish NATO va Polsha chegarasidan atigi 25 kilometr narida olib borilmoqda.
Tochniy platformasi ma’lumotlariga ko‘ra, gap Chernyaxovsk shahri yaqinida barpo etilayotgan ulkan halqasimon antenna majmuasi haqida ketmoqda. Ishlar 2023-yil mart oyida boshlangan bo‘lib, shu vaqt mobaynida hudud tozalangan, devor bilan o‘ralgan, yo‘llar yotqizilgan va binolar uchun maydonlar tayyorlangan.

“Tashqi hududda antenna ustunlari uchun chuqurlar aniq ko‘rinadi. Shuningdek, kamida oltita halqa shakli ajralib turibdi”, deya ta’kidlaydi tahlilchilar.
Mutaxassislarning qayd etishicha, bu “halqasimon antenna panjarasi” deb ataladi. U harbiy radiotexnik razvedka va aloqa uchun qo‘llaniladigan murakkab antennalar tizimi hisoblanadi. Obyekt diametri 1600 metrgacha yetishi mumkin, bu esa mavjud shunga o‘xshash majmualardan bir necha barobar katta.

Prognozlarga ko‘ra, qurilish yakunlangach, Rossiya NATOning Sharqiy Yevropa va Boltiqbo‘yi davlatlaridagi radioaloqalarini ushlab qolish hamda Boltiq dengizi va Atlantika okeanining shimoliy qismidagi suv osti kemalari bilan barqarorroq aloqada bo‘lish imkoniga ega bo‘ladi.
Izoh (0)