Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida YPX xodimlari va fuqarolar o‘rtasida tortishuv aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Viloyat IIBB matbuot xizmati holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.
Unda aytilishicha, voqea 1-oktabr kuni Toshkent viloyati, Ohangaron tumani hududidan o‘tuvchi A-373a Olmaliq—Toshkent avtomobil yo‘lining 1-kilometrida yuz bergan. YPX xodimi KIA rusumli avtomobilni to‘xtatgan va haydovchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 126-moddasi tartibida bayonnoma rasmiylashtirgan.
YHXBB ma’lumotiga ko‘ra, ma’muriy bayonnoma transport vositasining yon oynasi ruxsatsiz qoraytirilganligi bo‘yicha rasmiylashtirilayotgan bo‘lgan.
Shu vaqtida ushbu joydan o‘tayotgan holatga aloqador bo‘lmagan shaxs jarayonni qo‘l telefoniga tasvirga ola boshlagan. Shundan so‘ng YPX inspektori ushbu holatga noto‘g‘ri baho berib, o‘rinsiz harakatlarni amalga oshirgan. Jarayonda olingan videotasvirlar ijtimoiy tarmoqlarga tarqatilgan va muhokamaga sabab bo‘lgan.
Qayd etilishicha, hozirda holat yuzasidan Toshkent viloyati IIBB YHXB tomonidan xizmat tekshiruvi belgilangan bo‘lib, jarayonda qatnashgan barcha YPX inspektorlari harakatlariga huquqiy baho beriladi.
Izoh (0)