• Profilga Kirish
  • 1744009905_435.svg 1744009905_642.svg

  • So‘nggi yangiliklar
  • Asosiy yangiliklar
  • Eng ko‘p o‘qilgan
  • Kolumnistlar
Ўзбекча
Русский
English
  • O'zb
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng
  • O'zb
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng
  • So‘nggi yangiliklar
  • Asosiy yangiliklar
  • Eng ko‘p o‘qilgan
  • Kolumnistlar
    • USD12910.15
    • RUB159.78
    • EUR14660.77
    • Google play
    • App Store
    • Telegram
    • Toshkentda
      +20°C
      • Andijon
      • Qarshi
      • Buxoro
      • Samarqand
      • Farg‘ona
      • Sirdaryo
      • Jizzax
      • Termiz
      • Namangan
      • Toshkent
      • Navoiy
      • Toshkent vil
      • Nukus
      • Urganch
    • Daryo
      • Internet-nashr
      • Tahririyat haqida
      • Aloqa ma'lumotlari
      • Foydalanish shartlari
      • Maxfiylik siyosati
      • Yangiliklar arxivi
    • Reklama
    • Ijtimoiy tarmoqlar
      • Instagram | Rasmiy
      • Instagram | Lifestyle
      • Instagram | Sport
      • Facebook | Rasmiy
      • OK | Rasmiy
      • YouTube | Daryo
      • YouTube | Daryo Rus tilida
      • YouTube | Daryo Global
    Telegram Youtube Facebook Instagram Twitter vkontakte
    Daryo logo white
    • O‘zbekiston
      • Boshqalar
      • Navoiy
      • Toshkent viloyati
      • Sirdaryo
      • Jizzax
      • Qashqadaryo
      • Surxondaryo
      • Xorazm
      • Buxoro
      • Samarqand
      • Namangan
      • Farg‘ona
      • Andijon
      • Qoraqalpog‘iston
      • Toshkent sh.
      • Mehridaryo
      • Ob-havo
    • Markaziy Osiyo
      • O‘zbekiston (Mahalliy)
      • Afg'oniston
      • Qirg‘iziston
      • Qozog‘iston
      • Turkmaniston
      • Tojikiston
    • Dunyo
    • Pul
      • Biznes
      • Iqtisodiyot
      • Moliya
      • Kripto
    • Madaniyat
      • Kino
      • Kitob
      • Musiqa
      • Shou-biznes
    • Layfstayl
      • Ayollar sahifasi
        • Farzand
        • Go‘zallik
        • Karyera
        • Maslahatlar
        • Moda
        • Retseptlar
      • Texnologiyalar
        • Arxitektura
        • Gadjetlar
        • Ilm-fan
        • Koinot
        • Media
      • Avto
      • Qo‘ziqorin
      • Sayohat
      • Salomatlik
      • Ta’lim
        • Abituriyent
        • Ingliz tilini o’rganamiz
    • Sport
      • Futbol
      • UFC
      • Boks
    infinix
    Daryo.uz - Login
    Daryo.uz Daryo.uz
    Daryo.uz - Login
    O‘zbekiston

    Sharoit talabi. Til haqida mulohazalar

    1989-yilning 21-oktabrida O‘zbekistonda mamlakat mustaqilligi ramzlaridan biri — o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan edi. 2020-yildan boshlab bu sana O‘zbek tili bayrami sifatida nishonlanmoqda. “Daryo” ushbu sana munosabati bilan oktabrni “O‘zbek tili oyligi” deb e’lon qiladi va oy davomida har kuni til masalasida turli yillarda qilingan va hamon o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan chiqishlar, nutqlar, maqolalarni qayta chop etadi.

    Baxtiyor Nazarov va Azim Hojiyevning 1989-yil 24-mart kuni “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida e’lon qilingan “Sharoit talabi. Til haqida mulohazalar” maqolasidan parcha.

    Baxtiyor Nazarov va Azim Hojiyevning 1989-yil 24-mart kuni “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida e’lon qilingan “Sharoit talabi. Til haqida mulohazalar” maqolasidan parcha.
    Foto: “Ziyouz.com”

    Til haqida mulohazalar

    Ulug‘ Oktabr inqilobidan so‘ng mamlakatimizda millat va milliy til masalasida lenincha siyosatning tantanasi tufayli juda qisqa vaqt ichida katta yutuqlarga erishildi. Jumladan, bu davr mobaynida o‘zbek milliy adabiy tili shakllandi, rivojlandi, vazifa doirasi kengaydi, Oktabr inqilobigacha adabiy til (kitobiy til), fanda to‘g‘ri qayd etilganidek, omma uchun bir muncha tushunarsiz, omma uchun xizmat qilish vazifasidan ancha yiroq edi. Hozirgi o‘zbek tili esa o‘zbek millati vakillari faoliyatining barcha sohalarida fikr almashuv, aloqa-aralashuv vositasi vazifasini bajara oluvchi tilga aylandi. Bu hech qanday isbot talab etmaydigan va inkor qilib bo‘lmaydigan fakt.

    Lekin milliy tillarning teng huquqliligi va ularning doimiy rivojlanishini ta’minlash masalalarida lenincha prinsiplardan chekinish, ularning buzilish hollari yuz berdi, bu hol milliy tillarning, jumladan, o‘zbek tilining hozirgi holati va kelgusi taqdiri bilan bog‘liq qator muammolarni keltirib chiqardi. Bu muammolar kecha yoki bugun paydo bo‘lgani yo‘q. Ularning asosi turg‘unlik davri shart-sharoitlari bilan bog‘lanadi. Keyingi yillarda esa ular ochiq-oshkor va jiddiy tus ola boshladi. Biroq bunday holatlarning mavjudligi, ma’lum obyektiv va subyektiv sabablar bilan tobora kuch olayotganligi qanchalik aniq bo‘lmasin, ularga chek qo‘yish, oldini olish, bartaraf etish u yoqda tursin, ular haqida gapirish mumkin emas edi. Demokratiya, oshkoralik asosida qayta qurishning boshlanishi ana shu muammolarni kun tartibiga olib chiqib, uni hal etish imkonini yaratdi.

    Keyingi yillarda o‘zbek tilining hozirgi holati, uning istiqboli yuzasidan matbuot, radio, televideniye va turli yig‘ilishlarda qizg‘in bahs, munozaralar davom etayotgani ma’lum. Bu borada o‘rganilishi va hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar juda ko‘p. Ulardan biri va eng asosiysi, bizningcha, o‘zbek tiliga davlat tili statusini berish masalasi bo‘lib, turli negativ hodisalarning bartaraf etilishi va o‘zbek tilining istiqboli bilan bog‘liq boshqa masalalarning ijobiy hal etilishi ham ana shu bosh masalaning odilona va to‘g‘ri hal etilishiga bog‘liq.

    SSSR Konstitutsiyasida milliy tillarga davlat tili statusi berish-bermaslik kerakligi qayd etilmagan. Bu, albatta, milliy til, davlat tili masalasida lenincha ta’limotga amal qilishdir. Lekin ayrim respublikalar konstitutsiyalarida shu respublika millatining tili davlat tili ekani maxsus modda bilan rasmiylashtirilgan (masalan, Gruziya va Armaniston respublikalarida). Yaqindagina boshqa respublikalarda (masalan, Litva va Estoniyada) ham shu yerlik millat tili davlat tili deb qonunlashtirildi.

    Xo‘sh, bu faktlarga qanday qarash kerak — milliy til va davlat tili masalasida lenincha ta’limotdan kelib chiqqanda bu faktni, ya’ni milliy tillarga davlat tili statusi berilishini qanday baholash mumkin? O‘zbek tiliga davlat tili statusi berilishining mohiyati, buning amalga oshirilishi oqibatida rus tili va respublikada yashovchi boshqa millatlar tillarining huquqi qanday bo‘lishi belgilansa, bu savolga aniq javob chiqadi-qo‘yadi. O‘zbek tiliga davlat tili statusi berilishi masalasida turlicha, hatto, bir-biriga zid qarashlarning borligi, bu tadbir amalga oshgan taqdirda rus tili va boshqa millatlar tillarining huquqlari, vazifalari qanday bo‘lishini turlicha tushunish, tasavvur etishdan kelib chiqyapti.

    O‘zbek tiliga davlat tili statusi berilishi milliy til, davlat tili haqidagi Lenin ta’limotiga, lenincha prinsiplarga zid keladimi, ulardan chekinish bo‘ladimi? O‘zbek tiliga davlat tili statusi berilishiga tarafdorlarning ayrimlari bu savolga e’tibor ham bermaydilar. Hech qanday isbot-dalilsiz davlat tili statusi berilishi kerakligini aytadilar. Bunday gaplar, albatta, quruq da’vodan nariga o‘tmaydigan gaplardir. Ba’zi o‘rtoqlar bu masalada lenincha ta’limotga munosabatni turlicha tushunib, turlicha talqin etmoqdalar.

    Ma’lumki, markscha-lenincha ta’limot dogmalardan iborat emasligi, ma’lum sharoitlar yuz berishi bilan uni rivojlantirish, unga o‘zgartirishlar kirita borish mumkin va zarurligi fanda qayd etilgan. Jumladan, tarix fanlari doktori Y.Vittenbergning “Pravda Vostoka” gazetasining 1989-yil 6-yanvar sonida chop etilgan “Biz qanday sotsializm qurdik?” (“Kакой социализм мы построили?”) maqolasida sotsializmning lenincha konsepsiyasini rivojlantirish vazifasi turganligini aytadi. O‘zSSR Fanlar akademiyasining muxbir a’zosi G‘.Abdurahmonov (shu muallif fikri asosida) o‘zbek tiliga davlat tili statusi berilishi yangi sharoit talabi bilan kelib chiqqanligi va bu masalada lenincha ta’limotga tayangan holda o‘zbek tiliga davlat tili statusi berish masalasini o‘rganish kerakligini aytadi (bu gap O‘zSSR Fanlar akademiyasi prezidiumining 1989-yil 24-yanvardagi majlisida qilgan dokladida aytildi). Filologiya fanlari kandidati, ToshDU o‘zbek tilshunosligi kafedrasining dotsenti Muhammadjon Qodirov “Yosh leninchi” gazetasining 1989-yil 3-fevral sonida e’lon etilgan “Uchoq atrofidagi o‘ylar” maqolasida V.I.Lenin “Majburiy davlat tili belgilanishiga qarshi chiqib, davlat tilining ixtiyoriy tanlanishini yoqlagan edi. Sotsializm qurilishi davrida ixtiyoriy davlat tili sovet xalqlarining xohish-irodasi bilan tanlanadi”, deb yozadi (Muhammadjon Qodirovning mazkur maqolasida qo‘yilgan masala yuzasidan juda o‘rinli, asosli va maqbul mulohazalar bildirilganini alohida qayd etishni lozim topamiz). Bizningcha, o‘zbek tiliga davlat tili statusi berilishi masalasi munosabati bilan aytilgan bu har ikki fikrga ham qo‘shilish qiyin.

    Birinchidan, milliy til, davlat tili haqidagi lenincha ta’limot aslo eskirgani yo‘q. Shuningdek, uni o‘zgartirish sharoiti tug‘ilgani yo‘q va shunday qilish talabi ham yo‘q. Bu masalaga doir lenincha ta’limot, lenincha prinsiplar hamon o‘z kuchida. Ikkinchidan, V.I.Lenin “davlat tilining ixtiyoriy tanlanishini yoqlagan”, deyish va shu yo‘l bilan o‘zbek tiliga davlat tili statusini berish-bermaslikni asoslash ham to‘g‘ri emas. Bularni dalillash uchun V.I.Leninning o‘z aytganlariga murojaat etaylik. U yozadi: “Demokratik davlat albatta ona tillarning to‘la erkin bo‘lishini e’tirof qilishi va biron tilning har qanday imtiyozlarini rad etishi kerak” (V.I.Lenin. To‘la asarlar to‘plami, 25-tom, 83-bet). Xo‘sh, ittifoqimizdagi millatlar tillarining huquqi haqida aytilgan bu gaplarni nima bilan to‘ldirish, rivojlantirish mumkin yoki uni tuzatish, to‘g‘rilash kerak bo‘lgan o‘rni bormi? Bizningcha, yo‘q. Gap shundaki, milliy til, davlat tili haqida aytilgan va shu kunlarda ham o‘z kuchini to‘la saqlagan bu gaplarga amal qilinmay qo‘yildi — milliy til haqidagi lenincha ta’limotga amal qilmaslik, undan chekinish yo‘liga o‘tildi.

    Xo‘p, “sotsializm qurilishi davrida ixtiyoriy davlat tili sovet xalqlarining xohish-irodasi bilan tanlanadi”, degan gapni ma’qul deylik ham. U holda savol tug‘iladi: birinchidan, xalq xohish-irodasi bilan davlat tili tanlashning biron tilni davlat tili, deb e’lon qilish to‘g‘ri emasligi haqidagi lenincha konsepsiyadan to‘g‘ri va afzal tomoni nimada? Agar shunday to‘g‘ri va afzal tomoni bo‘lsa, u holda davlat tili bo‘lishiga qarshilikni qoralash, rad etish kerak bo‘ladi. Vaholanki, bu masalada lenincha prinsiplar zarracha ham o‘z kuchini yo‘qotgani yo‘q.

    Ikkinchidan, nima uchun ayrim milliy tillar, jumladan, o‘zbek tiliga davlat tili statusi berilishi xohishi endi paydo bo‘lib qoldi va u davlat tili masalasida lenincha ta’limotni inkor etuvchi fakt sifatida yuzaga keldimi? Aslo bunday emas. O‘zbek tiliga davlat tili statusi berilishn talabi, ehtiyoji, yuqorida aytib o‘tganimizdek, bu masalada lenincha ta’limotga amal qilmaslik, undan chekinish oqibati o‘laroq yuzaga kelgan edi. Milliy til, davlat tili masalalari haqida lenincha ta’limotning mohiyatidan kelib chiqib, uni o‘zbek milliy adabiy tilining hozirgi holatiga tatbiq etsak, hamma narsa ochiq-oydin bo‘ladi-qoladi.

    O‘zbek tiliga davlat tili statusi berilishiga qarshi o‘rtoqlarning fikricha, bu tadbir milliy tillar teng huquqliligi, biron tilga ortiq imtiyoz berilishi to‘g‘ri emasligi haqidagi Lenin ta’limotiga zid va u respublikamizdagi boshqa millatlar tillarining kamsitilishiga, ularning huquqlari cheklanishiga olib keladi. Agar haqiqatda ham shunday bo‘ladigan bo‘lsa, u holda o‘zbek tiliga davlat tili statusi berilishi to‘g‘ri bo‘lmaydi va bu haqda gapirishga o‘rin ham qolmaydi. Aslida esa masalaning mohiyati bu o‘rtoqlar o‘ylashgandek emas.

    O‘zbek tiliga davlat tili statusi berilishiga qarshi o‘rtoqlar V.I.Leninning biron tilga davlat tili statusi berilishi boshqa milliy tillarning huquqi kamsitilishi, cheklanishiga olib kelishi haqidagi gaplarini ro‘kach qiladilar. Masalan, O‘zSSR Fanlar akademiyasining muxbir a’zosi Sh.Urazayev o‘zining “Sovet federatsiyasi — birlik yo‘li” maqolasida bu haqda jumladan quyidagilarni yozadi: “Hozirgi vaqtda davlat tili haqida ko‘p gapiriladigan bo‘lib qoldi. Shunday respublikalar ham borki, konstitutsiyalarida respublikaning davlat tili haqida modda bor. Jamoatchilikning bir qismi shunday fikrda bo‘lgandan keyin buning aybi ham yo‘q. Lekin buning aytarlik ahamiyati ham yo‘q. Gap shundaki, V.I.Lenin davlat tiliga qarshi bo‘lgan. Chunki ‘davlat tili’ning majburiylik elementi bor. Tillarning teng huquqligi g‘oyasining o‘zi ularning ba’zilarini davlat tili sifatida ajratib ko‘rsatish imkonini bermaydi. SSSRda 100 dan ortiq millat va elatlar, 53 ta respublika va avtonom tuzilmalar bor. Binobarin, tillar teng huquqli bo‘lgandan keyin shuncha davlat tili bo‘lishi kerakdek tuyuladi. Shunday bo‘lishi mantiqiymi? Mabodo qardosh respublikadan xonadoningizga mehmon kelib qolgudek bo‘lsa, mening tilimda gaplashamiz, chunki bu bizning davlat tilimiz, deb bo‘ladimi? Bu bizning axloqiy normalarimizga, barcha xalqlarning mehmondo‘stlik an’analariga zid emasmi?” (“Sovet O‘zbekistoni” gazetasi, 1988-yil, 30-dekabr).

    Toshkentning Birinchi may (hozirgi Shahrisabz) ko‘chasidagi 9-qavatli uy va uning birinchi qavatidagi “Bolalar dunyosi” do‘koni. 1989-yil.

    Toshkentning Birinchi may (hozirgi Shahrisabz) ko‘chasidagi 9-qavatli uy va uning birinchi qavatidagi “Bolalar dunyosi” do‘koni. 1989-yil.
    Foto: Telegram / @tashkent_retrospective / The LIFE Images Collection

    Haqiqatan ham, V.I.Lenin davlat tiliga qarshi bo‘lgan. Jumladan u yozadi: “Davlat tili deb turib olish — bu sharmandalik. Bu politsiyachilikdir” (V.I.Lenin, To‘la asarlar to‘plami, 48-tom, 360-bet). Lekin V.I.Lenin bu fikrni ittifoqdosh respublikalarda milliy tillarga davlat tili statusi berilishi nuqtai nazaridan emas, balki umumdavlat tili statusi nuqtai nazaridan gapirgan va bunda, shubhasiz rus tiliga shunday huquq berilishi to‘g‘ri bo‘lmasligi nazarda tutiladi (chunki ittifoqimizdagi boshqa biron milliy tilga davlat tili statusi berilishi haqida gap bo‘lishi mumkin emas edi). Demak, bu prinsip V.I.Leninning ittifoqimizdagi barcha milliy tillarning teng huquqli, to‘la erkin bo‘lishi haqidagi ta’limotiga juda mos tushadi, amalda shunday bo‘lishini ta’minlaydi. Xuddi shunday bo‘ldi ham, ya’ni biron tilga (jumladan, rus tiliga) umumdavlat tili statusi berilmay, barcha milliy tillarning teng huquqliligi, to‘la erkini ta’minlanishi natijasida ittifoqimizdagi barcha milliy tillar misli ko‘rilmagan darajada rivojlandiki, buni yuqorida qayd etib o‘tdik. Xo‘sh, hozirgi sharoitda ittifoqdosh respublikalarda milliy tillarga davlat tili statusi berilishi masalasida ham shunday yo‘l tutish to‘g‘ri bo‘ladimi, ya’ni milliy tilga davlat statusi berilishi shu respublikadagi boshqa tillarning teng huquqliligiga, to‘la erkin bo‘lishiga to‘sqinlik qiladimi? Bu savolga to‘g‘ri javob berish uchun “Nima uchun o‘zbek tiliga davlat tili statusi berilishi masalasi kun tartibiga kelib chiqdi?” degan savolni qo‘yib, unga ishonchli javob topsak, masala oydinlashadi.

    Ma’lumki, V.I.Lenin tillarning teng huquqliligi haqida gapirganda, milliy tillarning qo‘llanishida biron-bir cheklanishning bo‘lmasligini nazarda tutadi. Shu jihatdan hozirgi o‘zbek adabiy tiliga nazar tashlasak, ahvol qanday? Ochiq va lo‘nda qilib aytsak, milliy tillar haqidagi ana shu qonun-qoida, lenincha prinsip o‘zbek milliy adabiy tiliga nisbatan qo‘pol tarzda buzildi. Masalan, O‘zbekiston Kommunistik partiyasi Markaziy komiteti, oblast, shahar va rayon partiya komitetlari, shuningdek, davlat organlari va boshqa idoralarda, hatto, juda bir kichik ish joylari ish hujjatlarning asosan yoki butunlay rus tilida olib borilishining o‘ziyoq o‘zbek tili vazifasi doirasining qay darajada cheklanganligi, torayganligini ko‘rsatadi. Bunga texnik oliy o‘quv yurtlarida darslarning faqat va asosan rus tilida olib borilishi, bu jarayonning kuchayib borayotgani va bunga tarafdorlarning ko‘payayotgani va boshqa faktlarni qo‘shsak, o‘zbek tili vazifasi doirasining cheklanishi tobora kuchayib borayotganini tasavvur etish qiyin emas. Binobarin, milliy til haqidagi lenincha ta’limotning, lenincha prinsipning o‘ziyoq bunday holga qarshi kurashishni, o‘zbek tiliga respublikamizda faoliyatning barcha sohasida qo‘llanish huquqining tiklanishini taqozo etadi. Ana shu hayotiy talab taqozosi o‘zbek tilining shunday huquqqa egaligi rasmiy tarzda, hujjat bilan qonunlashtirish masalasini kun tartibiga qo‘ydi. O‘zbek tiliga davlat tili statusining berilishi, bizningcha, bu masalani hal etishning eng to‘g‘ri va odil yo‘lidir.

    Demak, o‘zbek tiliga davlat tili statusi berilishi masalasi ayrim respublikalarga taqlid qilish oqibati bo‘lmay, hozirgi hayot, sharoit taqozosi bilan kelib chiqqan bo‘lib, bu tadbirning amalga oshirilishi milliy til haqidagi lenincha ta’limot (prinsip)ga aslo zid emas, aksincha, u o‘zbek tilining qo‘llanishida ana shu prinsipga izchil amal qilinishini ta’minlaydi. Bu bilan respublikamizdagi boshqa milliy tillar kamsitilmaydi, ularning huquqi biron jihatdan cheklanmaydi ham. Shuningdek, bu tadbir amalga oshirilgan taqdirda rus tilining millatlararo aloqa vositasi bo‘lish roliga va uning respublikamizdagi huquqini, vazifa doirasini cheklashga sabab ham bo‘lmaydi. O‘zbek tiliga davlat tili statusi berilishini xuddi shu ma’noda tushunish lozim. Bizningcha, o‘zbek tiliga davlat tili statusi berilishini talab qilayotgan, qo‘llab-quvvatlayotgan o‘rtoqlar ham masalaning mohiyatini xuddi shunday tushunyaptilar, bunda ular respublikamizdagi boshqa millatlar tillarining kamsitilishi, huquqining cheklanishi fikridan mutlaqo yiroqdirlar.

    Ma’lumki, o‘zbek tiliga davlat tili statusi berilsa, rus tili haqida qanday qonun-qoida qabul qilinishi kerak degan savol (masala) ham o‘rtaga tashlanyapti va bu haqda ham turlicha fikr-mulohazalar bildirilyapti. Ayrimlar o‘zbek tili bilan birga rus tiliga ham davlat tili statusi berilishi kerak, degan fikr aytsa, ba’zi o‘rtoqlar bunday qilishning hojati yo‘q, rus tili, xuddi shu vaqtgacha bo‘lganidek, millatlararo aloqa vositasini bajaruvchi, shunday imkon va huquqqa ega bo‘lgan til bo‘lib qolaveradi, degan fikrdadir. Bizningcha, ana shu ikkinchi fikr eng to‘g‘ri va maqbul fikr. Chunki, birinchidan, respublikamizda rus tilining huquqi zarracha ham kamsitilayotgani, uning qo‘llanish doirasi, vazifasi biron jihatdan cheklanayotgani yo‘q va bundan keyin ham shunday holat davom etishiga hech kimda shubha bo‘lmasa kerak. Shunday ekan, respublikamizda rus tilini ham davlat tili deb qayd etish, buni qonunlashtirishga hech qanday talab, ehtiyojning o‘zi yo‘q.

    Ikkinchidan, yuqorida aytib o‘tdikki, o‘zbek tiliga davlat tili statusi berilishi shu tilning milliy tillarga xos huquqini tiklash, bunga to‘sqinlik qiluvchi, xalaqit beruvchi barcha holatlarga chek qo‘yish talabi bilan bo‘lyapti, shu maqsaddagina qonunlashtirilyapti. Demak, bu bilan o‘zbek tiliga biron-bir ortiqcha imtiyoz berilayotgani yo‘q. Bu fakt ham respublikada yana boshqa bir tilga, jumladan, rus tiliga ham davlat tili statusi berilishini taqozo etmaydi. Nihoyat, uchinchidan, rus tiliga davlat tili statusi berish kerak bo‘ladigan bo‘lsa, bu ish faqat bizning respublikamizdagina emas, balki ittifoqdagi boshqa respublikalarda ham amalga oshirilishi kerak bo‘ladi. Chunki rus tilining huquqi, vazifasi barcha respublikalarimizda bir xilda. Lekin, bizningcha, buning uchun ham hech qanday talab, eqtiyoj yo‘q. Rus tili RSFSRda, umuman, aholisi asosan ruslar bo‘lgan biron territoriyada davlat tili deb e’lon qilinmagani holda, unga ittifoqdosh respublikalarda davlat tili statusining berilishi biron jihatdan asoslab, oqlab bo‘lmaydi. Rus tili ittifoqimizdagi biron tilda bo‘lmagan imkon va huquqqa — keng ma’nodagi millatlararo aloqa vositasi vazifasini bajarish imkoniga, huquqiga egaki, bu narsani inkor etishga hech qanday asos yo‘q, uni biron qonun-qoida bilan rasmiylashtirishga ham ehtiyoj yo‘q. Shunday ekan, biron respublikada rus tiliga davlat tili statusi berish kerakligi haqida gapirib o‘tirishga o‘rin ham yo‘q, deb o‘ylaymiz. Bunday qilish, ya’ni rus tiliga biron respublikada (yoki respublikalarda) davlat tili statusi berish haqida masala ko‘tarish uning (rus tilining) bundan keyin ham hozirgidek huquqqa ega bo‘lishi va shunday vazifani bajarishda davom etishiga shubha borligiga ishora qiladi, jamoatchilikda shunday tasavvur uyg‘otadi. Demak, rus tilining hozirgi vaqtda ittifoqimizdagi, jumladan, respublikamizdagi holati (mavqei, vazifasi) unga davlat tili statusi berilishi emas, hatto, shu masalaning kun tartibiga qo‘yilishiga asos yo‘qligini ko‘rsatadi.

    Endi uchinchi muhim masala, ya’ni o‘zbek tiliga davlat tili statusi berilishi respublikamizdagi boshqa millatlar tillariga munosabatga ta’siri qanday bo‘lishi masalasiga kelganda shuni aytish kerakki, bu tadbirning respublikadagi boshqa millatlar tillarining erkinligiga hech qanday salbiy ta’siri bo‘lmaydi. Chunki, ko‘rib o‘tganimizdek, o‘zbek tiliga davlat tili statusi berilishi shu tilga biron ortiq imtiyoz berib, boshqa tillarning huquqini cheklash talabi va maqsadi bilan emas, faqatgina o‘zbek tilining milliy tillarga berilgan huquqlarini tiklash, shuni rasmiylashtirish talabi, ehtiyoji bilan bo‘lyapti. Binobarin, bu bilan biron o‘zbekka, o‘rtoq Sh.Urazayev o‘ylaganchalik, “qardosh respublikadan uyiga kelgan mehmonga mening tilimda gaplashamiz”, deyish huquqi berilmaydi, bunday bachkana fikr hech bir o‘zbekning xayoliga kelmaydi ham.

    Albatta, respublikamizda yashovchi boshqa millatlar tillari o‘zbek tili bilan birdek huquqqa, birdek vazifaga ega bo‘lishi qiyin. Masalan, Tojikiston va Turkmanistonda o‘zbeklar ko‘p. Lekin bu respublikalarda barcha idora ishlarining, oliy o‘quv yurtlarida barcha predmetlar bo‘yicha darslarning o‘zbek tilida olib borilishini qonunlashtirish to‘g‘ri bo‘lmaganidek, O‘zbekistonda yashovchi boshqa millatlar tillariga ham bunday vazifa yuklatilmaydi. Demak, respublikaning til haqidagi qonunida bu yerda yashovchi boshqa millatlar tillarining huquqi, vazifasi aniq belgilanishi, bunda V.I.Leninning aytganlari asosida ish ko‘rish kerak bo‘ladi: “Milliy tilni ittifoqimizga kirgan o‘zga milliy respublikalarda ishlatish to‘g‘risida juda qat’iy qoidalar joriy qilish va bu qoidalarni juda puxta tekshirib turish kerak. Shubha yo‘qki, temir yo‘l xizmatining birligi bahonasi bilan, qonun-qoidalar birligi va shu kabilar bahonasi bilan bizda, hozirgi apparatimiz sharoitida ko‘pdan-ko‘p g‘irt ruscha taxlitdagi suiiste’mollar bo‘lishi turgan gap. Bu suiiste’mollarga qarshi kurashmoq uchun alohida mohirlik zarur, bunday kurashga bel bog‘lab kirishuvchi kishilarning juda samimiy bo‘lishi lozimligi to‘g‘risida so‘zlab o‘tirmasa ham bo‘ladi. Bunda batafsil ishlangan qonunlar majmuasi kerak bo‘ladi, bu qonunlar majmuasini faqat shu respublikada yashovchi millat kishilarigina bir qadar muvaffaqiyat bilan tuza oladi” (V.I.Lenin, To‘la asarlar to‘plami, 45-tom, 405-bet).

    Nihoyat, yana bir masalaga, ya’ni teng huquqli barcha milliy tillarga davlat tili statusi berilishi kerakmi yoki ayrimlarigagina shunday huquq berilishi kerakmi ekanligiga to‘xtab o‘tish zarur bo‘ladi. Sh.Urazayev o‘z maqolasida, jumladan, quyidagilarni yozadi: “Tillarning teng huquqligi g‘oyasining o‘zi ularning ba’zilarini davlat tili sifatida ajratib ko‘rsatish imkonini bermaydi. SSSRda 100 dan ortiq millat va elatlar, 53 ta respublika va avtonom tuzilmalar bor. Binobarin, tillar teng huquqli bo‘lgandan keyin shuncha davlat tili bo‘lishi kerakdek tuyuladi. Shunday bo‘lishi mantiqiymi?”

    Birinchidan, hech kim barcha millat va elatlar tillariga davlat tili statusi berilishi haqida gapirayotgani yo‘q. Ikkinchidan, milliy tillarga, jumladan, o‘zbek tiliga davlat tili statusi berilishining shunchaki bir istak emasligi, sharoit taqozosi bilan shunday qilinayotganligi aytildi. Binobarin, u yoki bu milliy tilga davlat tili statusi berish kerak-kerakmasligini hal etishda konkret sharoitdan kelib chiqish kerak bo‘ladi. Biron respublikada shu yer asosiy aholisi tilining, yerli millat tilining huquqi, vazifasida hech qanday cheklash yuz bermagan bo‘lsa, u faoliyatning barcha sohalarida aloqa vositasi sifatida qo‘llanayotgan bo‘lsa, o‘z-o‘zidan, bu yerda milliy tilning teng huquqliligi, to‘la erkinligi buzilmagan bo‘ladi va bu milliy tilga davlat tili statusi berilishi haqida gapirish ortiqcha, bunga asos, ehtiyoj yo‘q bo‘ladi (rus tili shunday mavqeda ekani aytildi). Agar u yoki bu milliy tilning teng huquqliligi, to‘la erkinligi ta’minlanmagan bo‘lsa, uni ta’minlaydigan sharoitni yaratish chora-tadbiri ko‘rilishi kerak bo‘ladi.

    Yuqorida chiqadi aytilganlardan shunday xulosalar kelib:

    Birinchidan, o‘zbek tiliga davlat tili statusi berilishi kerak. Buning respublikamizdagi barcha milliy tillarning teng huquqliligi, to‘la erkinligiga salbiy ta’sir etish ehtimoli yo‘q.

    Ikkinchidan, rus tilining imkoni, hozirgi sharoitdagi vazifasi bu tilga davlat tili statusi berilishi masalasini kui tartibiga qo‘ymaydi. Millatlararo aloqa vositasi ekanligi (shuni tan olish, qayd etish) bu til statusining to‘la va to‘g‘ri ifodasidir.

    Uchinchidan, respublikamizdagi boshqa millatlar tillarining teng huquqliligi, to‘la erkinligi, vazifa doirasi “Til haqidagi qonun”da to‘la qayd etiladi.

    Baxtiyor Nazarov,
    O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Pushkin nomidagi Til va adabiyot institutining direktori, filologiya fanlari doktori

    Azim Hojiyev,
    institut direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha muovini, filologiya fanlari doktori
    “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, 1989-yil, 24-mart.

    Mavzuga doir:
    • Tarqoq dard
    • Elimiz dard-u quvonchi — tilimiz

    03.10.2021, 20:14   Izoh (0)   45139
    Facebook Twitter LinkedIn Telegram Email

    Izoh (0)

    Kirish
    Javob qoldiring Bekor qilish

    Mavzuga doir

    Musulmonlar, g‘ofil qolmang!

    03.10.2021, 19:16

    Toshkentda 4 nafar maktab o‘quvchisini Damas urib yubordi. Ulardan biri shifoxonaga olib ketilayotganda vafot etdi

    03.10.2021, 18:15

    Surxondaryoda yo‘ldan o‘tayotgan 5 yoshli qiz Lacetti urib yuborishidan vafot etdi

    03.10.2021, 16:24

    O‘zbekistonda vaksina olishi ko‘zda tutilgan aholining qanchasi to‘liq emlangani ma’lum qilindi

    03.10.2021, 15:23

    Sirdaryoda yuk mashinasiga borib urilgan “Jiguli” haydovchisi voqea joyida halok bo‘ldi

    03.10.2021, 14:36

    O‘zbekistonda koronavirus bilan kunlik kasallanishlar soni iyun oyidan buyon ilk bor 400 kishidan kam bo‘ldi

    03.10.2021, 13:14
    ×Lightbox Image

    Daryo.uz | Sizning muammoingiz yechimi


    Mobiuz “MazzaFest”da yangi “Mazza” va “Mazza 2.0” tarif rejalarini taqdim etadi


    Parvoz — katta shahar xarakteriga ega qulay biznes-klass turar joy


    Ziffler‘dan katta taqdimot: yangi qiyofa, zamonaviy dizayn va aqlli maishiy texnikalar


    Uklonda taksi haydovchilari uchun katta tadbir o‘tkazildi!


    Moliyaviy savodxonlik maktab ostonasidan boshlanadi


    Kapitalbank 2024-yilgi Brand Awards International mukofotiga sazovor bo‘ldi


    Silk Avia Shahrisabzga ko‘proq parvoz qiladi


    OKMK 2,3 milliard dollar kredit mablag‘larini jalb qildi va 125 million dollar moliyaviy xarajatlarni iqtisod qildi


    Moliyaviy firibgarlik: murakkab sxemalar bo‘yicha sodda tushunchalar 


    HONOR kompaniyasi HONOR 400 Lite smartfonini taqdim etdi. Qiziq, u nimasi bilan lol qoldira oladi?


    Coca-Cola 139 yillik ilhom, ajoyib kashfiyotlar, mashhur kampaniyalar va butun dunyo sevib qolgan ta’mni taqdim etmoqda 


    Siberian Wellness — O‘zbekistonda 15 yil


    CHERY bilan o‘z orzungizni amalga oshiring: barcha modellar uchun boshlang‘ich to‘lov pasaytirildi! 


    InfinBANK Global Money Week 2025 da ishtirok etdi


    UZCARD SHERDOR premium kartasi endi MKBANKda mavjud

     

    Tavsiya etamiz

    “AQSH yordam bermaganida, g‘alabaga erisha olmasdik” — Ikkinchi jahon urushida SSSR yutug‘ini ta’minlagan yashirin haqiqatlar

    10 may, 15:00

    “Ular o‘z vatani mustaqil bo‘lishi uchun kurashgan edi” — Turkiston legionining ayanchli tarixi

    8 may, 15:09

    Rashidov, gazli ichimliklar zavodi, Qizil maydon. 9-may — Toshkent tarixidan fotolavhalar

    7 may, 14:40

    Fazoviy poyganing boshlanishi — Gagarinning parvozi yolg‘on bo‘lganmi?

    6 may, 18:00
     
     
     

    So‘nggi yangiliklarga o‘tish

    Hindistonlik instabloger sahifasidagi folloverlari soni kamaygani tufayli o‘z joniga qasd qildi

    Layfstayl | 10 may, 23:30

    O‘zbekistonda bir yilda tadqiqotlar uchun qancha pul ajratilgani ma’lum qilindi

    O‘zbekiston | 10 may, 23:10

    O‘zbekiston va Rossiya harbiy hamkorlik rejasini imzoladi

    O‘zbekiston | 10 may, 22:45

    Superliga. “Paxtakor” Toshkentda “Buxoro”ni tor-mor etdi

    Sport | 10 may, 22:27

    Dunyoga mashhur videobloger Mr Beast o‘zbek tilini biladigan koordinator izlamoqda

    O‘zbekiston | 10 may, 22:25

    Yulduzlardan ko‘proq topadi: Zendaya, Beyonse va Rianna stilistlarining gonorari qancha?

    Layfstayl | 10 may, 22:15
    Daryo About Us

    “Daryo” internet-nashrining (O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi (O‘zMAA, hozirgi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi) tomonidan 13.03.2015 yil sanasida 0944-sonli guvohnoma bilan ommaviy axborot vositasi sifatida ro‘yxatga olingan. Matnli materiallarni to‘liq ko‘chirish yoki qisman iqtibos keltirishga, shuningdek, fotografik, grafik, audio va/yoki videomateriallaridan foydalanishga “daryo.uz” saytiga giperhavola mavjud bo‘lgan va/yoki “Daryo” internet-nashrining muallifligini ko‘rsatuvchi yozuv ilova qilingan taqdirda yo‘l qo‘yiladi. Chop etiladigan ba’zi ma’lumotlar 18 yoshga to‘lmagan foydalanuvchilarga mo‘ljallanmagan bo‘lishi mumkin. Info@daryo.uz

    Telegram Youtube Facebook Instagram Twitter vkontakte

    © «Simple Networking Solutions» MChJ, 2013–2025

    Yosh bo‘yicha cheklov

    Xato topdingizmi? Ctrl+Enter’ni bosing

    • Foydalanish shartlari
    • Maxfiylik siyosati
    • Reklama
    Nimani qidiramiz?

    Sign In or Register

    Xush kelibsiz!

    Tizimga kiring yoki Roʻyxatdan oʻting.

    Google

    yoki E-Pochta orqali

    Izoh qoldirishingiz, Foydalanish shartlari va Maxfiylik siyosati shartlarini qabul qilganingizni anglatadi

    Roʻyxatdan oʻting

    Roʻyxatdan oʻtganmisiz? Login.

    Google

    yoki E-Pochta orqali

    Sizga parol elektron pochta orqali yuboriladi.

    Izoh qoldirishingiz, Foydalanish shartlari va Maxfiylik siyosati shartlarini qabul qilganingizni anglatadi

    Matnda xato topdingizmi?

    ×

    Rahmat. Biz sizning xabaringizni oldik va xatoni imkon qadar tezroq tuzatamiz.