Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Nurmat Otabekov qaysi vaksina bilan emlanganini aytib o‘tdi.
Nurmat Otabekov “O‘zbekistonda ishlatilayotgan vaksinalarning qaysi birini tavsiya qilgan bo‘lardingiz?” degan savolga quyidagicha javob berdi:
“Men u yoki bu vaksinani tavsiya qilish ehtimolidan yiroqman. Negaki, O‘zbekistonda ishlatilayotgan o‘zbek—xitoy, ‘Sputnik V’ va AstraZeneca vaksinasi bularning hammasi sifatli vaksina. Shu nuqtayi nazardan vaksinalarni tanlash ixtiyori o‘zingizda.
O‘zim shaxsan o‘zbek—xitoy vaksinasi bilan 3 marotaba emlandim. Tekshiruvlar shuni ko‘rsatdiki, menda yetarli miqdorda immunitet shakllangan”, — deydi Nurmat Otabekov.
Avvalroq Nurmat Otabekov istalgan vaksina bilan jon deb emlanishini ma’lum qilgandi.
Eslatib o‘tamiz, Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash tadbirlarida aholi faolligini oshirish maqsadida 50 yosh va undan katta yoshdagi fuqarolarni hamda oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarini xavfosti guruhiga mansub aholi qatlami qatorida bosqichma-bosqich davlat budjeti mablag‘lari hisobidan emlash belgilangandi. Toshkentda 28-iyundan 18 yoshdan katta bo‘lgan barcha qatlam koronavirus infeksiyasiga qarshi davlat budjeti mablag‘lari hisobidan ixtiyoriy tarzda ommaviy emlanadi, vaksina olgan talabalarga kontrakt to‘lashda chegirma beriladi.
Izoh (0)