Daryo

O‘zbekistonda koronavirusga qarshi emlanuvchilar guruhi yana kengaydi. Endi 50 yosh va undan kattalar bepul vaksina olishi mumkin

50 yosh va undan katta yoshdagi fuqarolar hamda OTM professor-o‘qituvchilari xavf osti guruhiga mansub aholi qatlami qatorida emlanadi

1 daqiqa o‘qish31 264 ko‘rishlar0 izoh0
Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Respublika maxsus komissiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va ilmiy markazlar olimlari ishtirokida navbatdagi kengaytirilgan yig‘ilishida O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi bog‘liq epidemiologik vaziyat hamda ushbu infeksiya bilan kasallanish holatlarining oldini olishga qaratilgan masalalar muhokama qilindi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Ma’lum qilinishicha, yig‘ilishda mas’ul rahbarlar hisobotlari eshitilib, koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlarining oldini olishga qaratilgan tegishli qarorlar qabul qilingan.

Birinchi navbatda kasallik profilaktikasiga qaratilgan tushuntirish ishlarini olib borish, shuningdek, aholi tomonidan jamoat joylarida niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash kabi sanitariya-epidemiologiya talablari nazoratini olib borish yuzasidan tegishli idoralarga topshiriqlar berilgan.

“Shu bilan birga, koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash tadbirlarida aholi faolligini oshirish maqsadida, 50 yosh va undan katta yoshdagi fuqarolarni hamda oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarini xavf osti guruhiga mansub aholi qatlami qatorida bosqichma-bosqich Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan emlash tadbirlarini jadallashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, so‘nggi kunlarda infeksiya bilan kasallanish holatlari biroz ortganligini inobatga olib, hududlarda koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolashga yo‘naltirilgan tibbiyot muassalarining tayyorgarlik holatini tahlil qilish va zarur dori vositalari zaxirasini shakllantirish yuzasidan topshiriqlar berilgan.

Eslatib o‘tamiz, Aholini koronavirusga qarshi emlash tadbirlari 1-apreldan boshlandi. Emlash ixtiyoriy va bepul, vaksina olishdan bosh tortganlarga hech qanday chora ko‘rilmaydi. Mamlakatda iyun oyi oxirigacha 4 million kishini koronavirusga qarshi emlash rejalashtirilgan.

Mavzuga doir: O‘zbekistondagi emlash tadbirlarida foydalaniladigan zaruriy sarflovchi vositalarni xarid qilish uchun qariyb 6,8 mlrd so‘m ajratilgan

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar