Xorazm viloyati Urganch shahrida do‘stlari bilan kanalga cho‘milishga borgan 9-sinf o‘quvchisi cho‘kib ketdi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 29-iyun 17:00 larda Yangibozor tumani “Mang‘itlar” mahallasida yashagan 2006-yilda tug‘ilgan 9-sinf o‘quvchisi Shovot kanaliga do‘stlari bilan birgalikda borgan. U Jaloliddin Manguberdi nomidagi istirohat bog‘ining yon tomonidan oqib o‘tuvchi kanalga suvga tushib, cho‘kib ketgan.
Qayd etilishicha, yonida o‘zining mahalladoshi va Hazorasp tumanida yashovchilar ham bo‘lgan. Ular tayyorlov kurslarida o‘qib kelayotgani, uyga qaytishda cho‘milish maqsadida kanalga tushgani ma’lum bo‘lgan.
Qidiruv ishlariga Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining 5 ta texnika va 50 nafarga yaqin tezkor qutqaruvchi xodimi jalb etilgan.
Bosh prokuratura matbuot xizmatining xabar qilishicha, 16 yoshli bolaning jasadi topilgan. Holat yuzasidan Yangibozor tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.
Bundan avval Namangandagi Shimoliy Farg‘ona kanalida cho‘kib ketgan 11 yoshli qizning jasadi topilgani, Namanganda kanalda cho‘kib ketayotgan ayol qutqarilgani hamda Buxoroda yana bir maktab o‘quvchisi suvga cho‘kib vafot etgani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)