Yevro—2020 musobaqasining ikkinchi kunida dahshatli voqea yuz berdi. Daniya — Finlyandiya uchrashuvida daniyaliklar yarim himoyachisi Kristian Eriksen birinchi bo‘lim yakunlanishi arafasida maydonda hushidan ketdi.
Shifokorlar uning hayotini saqlab qoldi va Eriksen shifoxonaga olib ketildi. Uchrashuv avvaliga bir kun keyinga qoldirildi, biroq keyinchalik yana davom ettirilishi belgilandi. Ta’kidlanishicha, Kristian jamoadoshlariga qo‘ng‘iroq qilgan va o‘yinni davom ettirishlarini so‘ragan.
Uchrashuv voqeadan 1,5 soat o‘tib, qolgan joyidan davom ettirildi. Butun stadion va Finlyandiya vakillari maydonga qaytgan Daniya futbolchilarini qarsaklar bilan kutib oldi.
Avvaliga birinchi bo‘limning qolgan ikki daqiqasi o‘ynab qo‘yildi, keyin 5 daqiqalik tanaffusdan keyin ikkinchi bo‘lim boshlandi. Ustunlik Daniya tomonidan bo‘lsada, jamoa yaqqol vaziyatlar yarata olmadi va kutilmaganda o‘z darvozasidan to‘p olib chiqdi.
Daniya darvozasini ishg‘ol qilgan Finlyandiya futbolchisi Joel Pohyanpalo golni xursandchilik bilan nishonlay olmadi va qo‘lini yuqoriga ko‘tardi.
Ushbu bahsda daniyaliklar sardori Simon Kyer uchrashuv oxirigacha harakat qila olmadi. Murabbiyning so‘zlariga ko‘ra, jamoa yetakchisi Eriksen bilan sodir bo‘lgan vaziyat tufayli o‘ziga kela olmagan. Qayd etish kerak, sardor Eriksen maydonga qulagan vaqtda shifokorlar kelgunga qadar unga yordam ko‘rsatgan, keyin esa uni kameralardan yashirish uchun futbolchilarni Kristianning atrofini o‘rab olishga buyurgandi.
O‘yin Finlyandiyaning sensatsion g‘alabasi bilan tugadi. Eriksen esa uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchi deb topildi.
Bir necha soat qiyin onlarni boshdan kechirgan futbol olamining deyarli barcha vakili Eriksenni qo‘llab-quvvatladi va bunda davom etmoqda
Romelu Lukaku Rossiyaga urgan golidan keyin kamera qarshisiga keldi va “Inter”dagi sherigiga murojaat qildi: “Kris, Kris... Men seni yaxshi ko‘raman!”. O‘yindan keyin Lukaku voqeani ko‘rib, ko‘p yig‘lagani va o‘yin davomida ham xayoli faqat Eriksenda bo‘lganini aytdi.
Krishtianu Ronaldu birinchilardan bo‘lib Eriksenni qo‘llab-quvvatladi: “Bizning hayolimiz va duolarimiz Kristian va uning oilasiga qaratilgan. Dunyo futboli ahli birgalikda yaxshi xabar kutib turibdi. Biz yana maydonda uchrashishimizni kutib qolaman, Kris! Bardam bo‘l”.
Germaniya terma jamoasining barcha a’zolari Eriksenning surati fonida suratga tushdi va Kristianga sog‘liq tiladi.
Shu jumladan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi ham: “Tezroq tuzalib ketishingni tilab qolamiz. O‘zining eng yaxshi futbolingni namoyish qilish uchun yana maydonga qaytishingga ishonamiz”.
Janubiy Koreya hujumchisi Son Hyon Min JCh—2022 saralashi doirasida Livanga qarshi kechgan o‘yindagi golini sobiq jamoadoshiga bag‘ishladi. Son golni nishonlash vaqtida 23 raqamini (Eriksen “Tottenhem”da shu raqam ostida o‘ynagan) namoyish qildi.
Xuddi shu tariqa Kristianning “Inter”dagi jamoadoshi Ashraf Hakimi ham Burkina-Fasoga urgan chiroyli golini Eriksenga baxshida etdi.
Eriksen bilan bunga qadar yurak bilan bog‘liq hech qanday muammo bo‘lmagan
“Eriksen yiqilganidan keyin bizni maydonga chaqirishdi. Yugurib borganimizda, u maydonda yotar va nafas olayotgandi, shuningdek, yuragi ham urib turgandi. Keyin vaziyat birdaniga o‘zgardi va biz uning yuragini massaj qildik. Stadion tibbiyot xodimlaridan tez tibbiy yordamni oldik va uni saqlab qolishga erishdik. Kristian shifoxonaga ketishidan avval men bilan gaplashdi”, — deya eslaydi Daniya terma jamoasi shifokori Morten Besen.
O‘yinchi “Tottenhem”da faoliyat yuritgan vaqtda (2013—2020-yillari) uning yuragini ko‘rikdan o‘tkazib kelgan Sanjay Sharma vaziyat haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
“Unda yurak bilan bog‘liq yaqqol muammo yo‘q edi. Tibbiy ko‘riklarning barchasini o‘zim o‘tkazganim uchun buni kafolatlay olaman. Uning holatidan keyin o‘ylab qoldim: nahotki, biz nimanidir o‘tkazib yuborgan bo‘lsak? Shundan keyin uning test natijalarini yana bir bor ko‘rib chiqdim. Ular a’lo darajada”, — deydi Sharma.
“Inter” bosh shifokori Pero Volpi ham futbolchining yuragida hech qachon muammo bo‘lmaganini ta’kidladi.
“Biz yomon onlarni boshdan kechirdik. Nafaqat men, balki butun “Inter” oilasi. Darhol chuqur izlanishlarni olib boramiz. Eriksen ayni vaqtda yaxshi holatda ekani muhim, biroq unda muammo yo‘q edi. Muammo borligiga zarracha ishora ham yo‘q edi. Na “Tottenhem”da, na “Inter”da. Bu Italiyada juda qattiq nazorat qilinadi”, — deydi Volpi.
Ayni damda Kristian Eriksenning holati barqaror bo‘lib turibdi. U keyingi tibbiy ko‘riklardan o‘tish uchun hozirda ham shifoxonada qolmoqda. Futbolchi 13-iyun tongida jamoadoshlari bilan aloqaga chiqqan va o‘zini yaxshi his qilayotganini aytgan.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)