“Auto.ru” saytida 1979-yilda ishlab chiqarilgan “GAZ-24” sotuvga qo‘yilgani to‘g‘risida e’lon paydo bo‘ldi. Xususiy kolleksiyadan o‘rin olgan va ideal holatda saqlangan avtomobil 2,8 million rublga (37 ming dollar) baholanmoqda. Taqqoslash uchun, bu pulga bazaviy jamlanmadagi yangi BMW X2 (2,6 million rubl) xarid qilish mumkin, deb xabar beradi Motor.
E’lon muallifining ta’kidlashicha, bu qayta tiklangan avtomobil emas va uning barcha ehtiyot qismlari original. Zavoddan chiqqanidan buyon “Volga” 332 kilometr yo‘l bosgan. Mashinaning bu qadar qimmatligi shu orqali izohlanmoqda.
Mashina kuzovi ideal holatda saqlangan, xromlangan detallari hamda g‘ildiraklaridagi “kolpak”lar ko‘zni qamashtiradi. “Volga” kapoti ostidan 95 ot kuchini taqdim etishga qodir 2,5 litrli benzin dvigatel o‘rin olgan bo‘lib, u mexanik uzatmalar qutisi yordamida boshqariladi.
Avvalroq Germaniyadagi Autoscout24 onlayn maydonchasi orqali 1983-yilda ishlab chiqarilgan “GAZ-24” 8,5 ming yevro qiymatida sotuvga qo‘yilgani, Rossiyada sakkiz yil davomida restavratsiya qilingan 55 yillik “Volga” sotilayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)