AQSHning Los-Anjeles shahri markazidagi ziyofatda noma’lum erkak odamlarga qarata o‘q uzishi oqibatida 2 kishi vafot etdi. Bu haqda shahar politsiya boshqarmasiga tayanib, ABC telekanali xabar bermoqda.

Hodisa 4-avgust, dushanbaga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan. Los-Anjeles politsiyasi qo‘mondoni Letisiya Ruisning aytishicha, yakshanba kuni taxminan soat 23:00 da politsiya xodimlari 50-60 kishi ishtirok etayotgan ziyofat o‘tayotgan binoga yugurib kirgan odamni payqashgan.
Huquq-tartibot xodimlari shubhali shaxs ortidan kirib, ishtirokchilardan birini o‘qotar qurolni noqonuniy saqlash aybi bilan qo‘lga olishgan. Shundan so‘ng politsiyachilar binoni o‘rab olib, xonani tekshirgan va boshqa chaqiruvga jo‘nab ketishgan.

Biroq tun yarimdan o‘tgach politsiyaga yana o‘sha manzilda otishma sodir bo‘lgani haqida xabar kelib tushgan. Voqea joyiga yetib borgan xodimlar o‘qotar quroldan yaralangan bir necha kishini topishgan. Jami sakkiz kishi jabrlangan. Ulardan ikkitasini qutqarib qolishning iloji bo‘lmagan. Huquq-tartibot idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, yaradorlardan birining ahvoli og‘ir.
“Ehtimoliy gumonlanuvchilar va hujum sabablari haqida hozircha ma’lumot yo‘q”, deyiladi xabarda.
Bundan avval Nyu York shtatida 28-iyul kuni qurollangan erkak odamlarga qarata o‘t ochgandi. Hodisa oqibatida to‘rt kishi, jumladan, politsiya xodimi halok bo‘lgandi.
Xuddi shu kuni Tailand poytaxti Bangkok shahrining mashhur Or Tor Kor oziq-ovqat bozorida ham qurolli hujum sodir bo‘lgandi. Hujum uyushtirgan shaxs oldin 5 kishiga o‘q uzib, keyin o‘z joniga qasd qildi.
Izoh (0)