Samarqand viloyatining Payariq, Urgut va Toyloq tumanlariga yangi hokimlar tayinlandi. Bu haqda 5-avgust kuni viloyat hokimligi xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Xalq deputatlari uch tuman kengashlarining navbatdan tashqari sessiyalari o‘tkazilgan. Dastlabki sessiyada Isroil Jabborov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan o‘z arizasiga ko‘ra Payariq tumani hokimi vazifasidan ozod etilgani bildirilgan.

Shu paytgacha Samarqand viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatgan Shunqor Xudoyberdiyev mazkur tuman hokimi etib tayinlangan.
Bahodir Bobonazarov o‘z arizasiga ko‘ra Toyloq tumani hokimi vazifasidan olingan. Uning o‘rniga Behzod Rahmatullayev Toyloq tumani hokimi etib tayinlandi.

Rahmatullayev tayinlovga qadar Samarqand viloyati hokimligi Tashkiliy-kadrlar guruhi rahbari vazifasida faoliyat yuritgan.
Shu bilan birga, Urgut tumani hokimi ham o‘zgartirilgan. Tuman hokimi Botir Jabborov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan o‘z vazifasidan ozod etilgan. O‘rniga Dilmurod Sayidqulov Urgut tumani hokimi etib tayinlangan.

Sayidqulov tayinlovga qadar Samarqand viloyat prokurori o‘rinbosari vazifasida ishlagan.
Avvalroq joriy yil 5-avgustida Samarqand viloyati hokimining to‘rt o‘rinbosari o‘zgargani xabar qilingandi.
Izoh (0)