O‘zbekiston G‘uzor–Regar elektr uzatish tarmog‘ini qayta tiklashi haqida 2020-yil sentabr oyida xabar berilgandi. Bu bo‘yicha rejalashtirilgan ishlar boshlandi, deya xabar bermoqda Energetika vazirligi.
Ma’lum qilinishicha, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” tomonidan “O‘zbekistonda 500 kilovattli G‘uzor–Regar (L-507) elektr uzatish tarmog‘ini tiklash” investitsion loyihasi amalga oshirilmoqda.
Ayni paytda loyiha doirasida 500 kilovattli G‘uzor–Regar elektr uzatish tarmog‘ining O‘zbekiston Respublikasi hududidagi 63 kilometr uzunlikdagi qismini qayta qurish ishlari boshlab yuborildi. Ushbu ishlar 2021-yilning to‘rtinchi choragida yakunlanishi ko‘zda tutilgan.
Qayd etilishicha, loyiha Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyasi bayonnomasi asosida amalga oshirilmoqda. Mazkur loyiha O‘zbekiston va Tojikiston energetika tizimlarining parallel ishlashi vaqtida elektr energiyasi ishonchliligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Bundan avval O‘zbekistonda elektr energetika sohasidagi standartlar qayta ko‘rib chiqilishi, Energetika vazirligi Afg‘onistonga yetkazib berilayotgan elektr energiyasi bo‘yicha izoh bergani hamda Masdar kompaniyasi Navoiyda quyosh fotoelektr stansiyasi qurishni boshlagani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)