17-fevral kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Ashxobod shahrida Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashgani to‘g‘risida xabar berilgandi. “Turkmenistan segodnya” agentligining yozishicha, uchrashuv davomida Turkmaniston prezidenti mamlakatda Toshkent nomli istirohat bog‘i qurilishi rejalashtirilayotganini e’lon qilgan.
Tashqi ishlar vaziri Turkmaniston rahbariga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qardosh turman xalqiga yo‘llagan tinchlik, farovonlik va sihat-salomatlik borasidagi iliq so‘zlarini yetkazgan.
Uchrashuv davomida Abdulaziz Komilov Turkmaniston rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar, shu jumladan, 2021-yilning Xalqaro tinchlik va ishonch yili deb e’lon qilinishi millatlar hamjamiyati uchun muhim qaror bo‘lganligini ta’kidlagan.
Shuningdek, uchrashuvda Orol dengizi, qo‘shni Afg‘oniston mamlakati masalalarida hamkorlik qilish muhokama qilingan. 2020-yilda O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida tovar ayirboshlash 8,6 foizga oshgani ta’kidlangan.
Ta’kidlanishicha, uchrashuvda Turkmaniston prezidenti Toshkent nomli istirohat bog‘i qurilishi rejalashtirilayotganini e’lon qilgan.
Bundan tashqari, Turkmaniston prezidenti va Abdulaziz Komilov umumiy merosni asrab-avaylash va aloqalarni mustahkamlashga hissa qo‘shadigan ijodiy hamda ilmiy arboblar uchrashuvlarini, madaniyat kunlarini, ko‘rgazmalar, konsertlar, festivallarni muntazam o‘tkazib borishni davom ettirish bo‘yicha yakdil fikrda ekanliklarini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, 2017-yilning aprelida Toshkentda Turkmaniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik va do‘stlik aloqalarining ramzi sifatida “Ashxobod sayilgohi” ochilgan edi.
Izoh (0)