Surxondaryoda Yangi yil kuni odam urib, voqea joyidan yashiringan haydovchi ushlandi, deya xabar qilmoqda IIV YHXBB axborot xizmati.
Ma’lum qilinishicha, 2021-yil 1-yanvar kuni soat 21:00 lar atrofida Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanining “Saksonkapa” MFY hududidan o‘tuvchi 4K–592 avtomobil yo‘lining 11-kilometrida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi.
Sho‘rchi–Oltinsoy yo‘nalishida ketayotgan noma’lum transport vositasi haydovchisi mazkur yo‘lda harakatlanib ketayotgan piyoda–tumanning “Baxshitepa” MFYda yashagan, 1985-yilda tug‘ilgan fuqaroni transport vositasining old tomoni bilan turtib yuborib, hodisa joyidan noma’lum tomonga yashiringan.
Natijada 36 yoshli fuqaro turli darajada tan jarohatlari olib, kasalxonada vafot etgan.
Olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida ushbu jinoyatni tumanning “Oqqo‘rg‘on” mahallasida yashovchi, ishsiz, 1995-yilda tug‘ilgan I.R. sodir etgani va hodisa sodir bo‘lgan joydan olingan ashyoviy dalillar uning boshqaruvida bo‘lgan Nexia-2 rusumli avtomashinaga tegishli ekanligi aniqlangan.
Holat yuzasidan 2020-yilning 2-yanvar kuni I.R.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (odam o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) va 117-moddasi 2-qismi (hayoti yoki sog‘lig‘i xavf ostida qolgan va o‘zini o‘zi himoya qilish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan shaxsga yordam ko‘rsatmaslik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Avvalroq Qamchiq dovonida suv xo‘jaligi vazirining o‘rinbosariga tegishli Gentra jarlikka qulashi oqibatida amaldorning rafiqasi va 3 yoshli qizi vafot etgani hamda Oqdaryoda ortidan yuk mashinasi kelib urgan avtobus pastlikka ag‘darildi, bir yo‘lovchi kasalxonaga yotqizilgani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)