Koronavirusni boshdan o‘tkazib, niqob taqmay yurgan kishilar infeksiyaning eng xavfli tarqatuvchilaridir. “RBK”ning xabar berishicha, bu haqda Rossiyada xizmat ko‘rsatgan shifokor, professor, tibbiyot fanlari doktori, pulmonolog Aleksandr Karabinenko ma’lum qildi.
“Koronavirusni boshdan o‘tkazib bo‘lganlik niqobsiz yurganlardan infeksiya yuqtirishdan himoya qilmaydi”, — deydi Karabinenko. Uning aytishicha, infeksiyani boshdan o‘tkazib bo‘lganlar uni “erkin, hech qanday to‘siqlarsiz” tarqatadi.
Pulmonologning ta’kidlashicha, kasallanib bo‘lgandan keyin ham virus yuqori nafas yo‘llarida saqlanib qoladi, shuning uchun niqob taqish lozim. Ushbu himoya vositasidan foydalanmaydiganlar koronavirusning faol tarqatuvchilari hisoblanadi. “Birinchi navbatda bu biror narsani isbotlash qiyin bo‘lgan bolalar, yoshlardir”, — deya so‘zlarini yakunlagan shifokor.
Oktabr oyida Prinston universiteti, Jons Hopkins universiteti va Kaliforniya universiteti olimlari koronavirusning asosiy tarqatuvchilari bolalar va yoshlar ekanligi, ularga COVID-19 holatlarining uchdan bir qismi to‘g‘ri kelishini ma’lum qilgan. Tadqiqotchilar o‘z tengdoshidan virus yuqtirish osonligini, bolalar va yoshlarda buning ehtimoli ayniqsa yuqoriligini ta’kidlagan.
Keyinchalik, “Rospotrebnadzor”ning Paster nomidagi Epidemiologiya va mikrobiologiya ilmiy tadqiqot instituti direktori, Rossiya Fanlar akademiyasining akademigi Areg Totolyan bolalar koronavirusning faol tashuvchisi emasligini, chunki virus hujayralarga kirib borgan taqdirdagina organizmda ko‘payishini aytgan. Koronavirus hujayraga ACE2 retseptori orqali kiradi, uning miqdori bolalarda minimal darajada bo‘lib, katta bo‘lgan sari ko‘payib boradi.
Izoh (0)