SpaceX va Tesla bosh direktori Ilon Mask koronavirus infeksiyasiga bir kunda topshirgan testlarning ikkitasi ijobiy va yana ikkitasi salbiy chiqqanini ma’lum qildi. Bu haqda u o‘zining Twitter’dagi sahifasiga yozgan.
“Bugun COVID-19’ga to‘rt marotaba test topshirdim. Ikkitasi salbiy natija chiqardi, ikkitasi — ijobiy”, — deydi milliarder.
Uning ta’kidlashicha, testlarning barchasi BD (Becton, Dickinson and Company) kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan, antigenni aniqlaydigan ekspress-testlar bo‘lgan, hammasini bitta hamshira olgan. Bu holatni Mask “juda shubhali” deb atagan.
E’lon qilgan postining ostiga Mask boshqa laboratoriyada PZR-test topshirishga qaror qilganini yozgan. Ularning natijasi 24 soat ichida ma’lum bo‘ladi. Shuningdek, Maskning qo‘shimcha qilishicha, ayni vaqtda unda oddiy shamollash alomatlari kuzatilmoqda.
AQSh oziq-ovqat mahsulotlari va dori vositalarini nazorat qilish boshqarmasi (FDA)ning BD kompaniyasi ekspress-testlari (Ilon Mask aynan shunday testdan foydalangan) haqidagi ma’lumotiga ko‘ra, antigen testlarning sezgirlik darajasi koronavirusni aniqlashga mo‘ljallangan molekulyar testlarnikiga nisbatan pastroq.
“Bu test salbiy natija berishi, ya’ni, COVID-19 ni yuqtirib olgan ayrim odamlarga noto‘g‘ri (soxta salbiy) natija chiqarib berishi mumkin”, — deyiladi FDA axborotida. Boshqarma axborotida ta’kidlanishicha, agar antigenga topshirilgan test salbiy natija bersa, uni PZR uslubiga asoslangan test orqali tasdiqlatish lozim.
Jahonda koronavirus epidemiyasi boshlangan vaqtda Ilon Mask COVID-19 atrofida yuzaga kelgan vahimani ahmoqlik deb atagan (shu bayonotidan bir hafta o‘tib u 5,5 milliard dollar yo‘qotgan edi), shuningdek, kasallik tarqalishi munosabati bilan Kaliforniyada karantin joriy etilishiga qarshi chiqqan edi.
Izoh (0)