Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Bank siri to‘g‘risida”gi qonunga qo‘shimcha kiritish haqidagi qonun loyihasi e’lon qilindi.
Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan hujjat loyihasiga ko‘ra, 2003-yil 30-avgustda qabul qilingan “Bank siri to‘g‘risida”gi qonunga qo‘shimcha kiritilishi mumkin.
Qonunning 8-moddasini (Bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni taqdim etish) beshinchi qism bilan to‘ldirish mo‘ljallanmoqda.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston davlat bojxona xizmati organlari bank mijozi bo‘lgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarining bankda mavjud bo‘lgan hisob raqamlari, omonatlari (depozitlari), ulardagi pul mablag‘larining qoldig‘i va operatsiyalar to‘g‘risidagi hamda bojxona to‘lovlari bo‘yicha majburiyatlar ijrosi bilan bog‘liq tegishli ma’lumotlarni, agar bu ma’lumotlar ularning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishi uchun zarur bo‘lsa, olishga haqli ekani belgilab qo‘yiladi.
Eslatib o‘tamiz, bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar mijozning (vakilning) o‘ziga, u vakolat bergan vakillarga, shuningdek, qonunda belgilangan tartibda boshqa shaxslarga taqdim etiladi.
Bank sirini tashkil etuvchi, pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog‘liq operatsiyalar to‘g‘risidagi jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bilan bog‘liq bo‘lgan axborot qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda va tartibda maxsus vakolatli davlat organiga taqdim etiladi.
Hisob palatasi va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni, agar bu ma’lumotlar ularning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishi uchun zarur bo‘lsa, olishga haqlidir.
Adliya vazirligi nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risidagi bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni, agar bu ma’lumotlar mazkur tashkilotlar faoliyatida qonun hujjatlariga rioya etilishi yuzasidan nazorat qilish sohasida o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishi uchun zarur bo‘lsa, olishga haqlidir.
Avvalroq O‘zbekiston Moliya vazirligi bojxona to‘lovlari olinmaydigan xalqaro kuryerlik jo‘natmalariga qo‘yilgan me’yorni besh baravar kamaytirmoqchi ekani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)