Juda qizg‘in kechayotgan oktabr oyining birinchi haftasi ham nihoyasiga yetdi. Odatga ko‘ra, mazkur haftada dunyoda yuz bergan voqea-hodisalar dayjestini e’tiboringizga havola etamiz.
Okean ortidagi debat
AQShda 29-sentabr kuni mamlakat prezidentligiga nomzodlarning birinchi debati bo‘lib o‘tdi. Debat bir yarim soat davom etdi va har birining davomiyligi 15 daqiqa bo‘lgan olti qismdan iborat bo‘ldi. Tadbirga Fox News telekanali jurnalisti Kris Uolles boshlovchilik qildi. Debat boshlanishidan oldin amaldagi prezident Donald Tramp va demokratlar nomzodi Jo Bayden koronavirus pandemiyasi sababli an’anaga qarshi ravishda qo‘l berib ko‘rishmadi. Debatning asosiy mavzulari iqtisodiyot, koronavirus va AQShdagi irqchilik bilan bog‘liq noroziliklar bo‘ldi.Koronavirus. Bayden AQSh koronavirus bilan kasallanganlar va uning qurbonlari soni bo‘yicha dunyoda yetakchi ekani uchun javobgarlikni Trampga yukladi hamda prezidentda pandemiya vaqtida harakat qilish bo‘yicha aniq reja bo‘lmaganini aytdi. Bunga javoban Trampning aytishicha, agar Bayden prezident bo‘lganida AQShning 200 ming emas, balki ikki million aholisi kasallikdan o‘lgan bo‘lardi. Tramp infeksiyaga qarshi kurashish uchun chegaralarni o‘z vaqtida yopganiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiyot. Trampning ma’lum qilishicha, u koronavirus paydo bo‘lishidan oldin AQSh tarixidagi eng muvaffaqiyatli iqtisodiyotni qurgan va hozirgi kunda bu iqtisodiyot pandemiyadan keyin tez sur’atlar bilan tiklanmoqda. O‘z navbatida, Baydenning aytishicha, inqirozdan faqat u (Tramp) kabi millioner va milliarderlar foyda ko‘rdi, o‘rta qatlamning ishi esa ancha yomon ketmoqda.
Irqchilik bilan bog‘liq noroziliklar. Bayden Trampni harbiylar yordamida tinch namoyishchilarni bostirganlikda aybladi. Baydenning eslatishicha, prezident ultrao‘nglar va ularga qarshi bo‘lganlar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar haqida fikr bildirganda “ikki tomonda ham yaxshi odamlar bor edi”, dedi. Baydenning to‘g‘ridan to‘g‘ri taklifiga javoban Tramp oq supremasistlarni qoralashdan bosh tortdi, noroziliklar vaqtidagi zo‘ravonlik uchun javobgarlikni esa chap radikallarga yukladi.
Shuni ham ta’kidlash kerakki, mazkur debatdan keyin mamlakatda debat o‘tkazish qoidalariga o‘zgartirishlar kiritildi.
Donald va Melaniya Tramplarda koronavirus
AQSh prezidenti Donald Tramp va turmush o‘rtog‘i Melaniya Trampda koronavirus aniqlandi. Bu haqda prezident o‘zining Twitter’ida yozgan. “Bugun birinchi xonim va men COVID-19’ga topshirgan test musbat natija ko‘rsatdi. Biz darhol karantinga olinamiz va davolanishni boshlaymiz. Biz bundan birgalikda o‘tamiz!”, deydi Tramp.Avvalroq COVID-19 prezident maslahatchisi Houp Xiksda aniqlangani ma’lum bo‘lgan edi. U Trampga Klivlend va Minnesotadagi saylovoldi safarlarida hamrohlik qilgandi. Keyinroq uning ahvoli haqida ma’lumot ham berildi. “Oq uyning rasmiy vakili Trampning ahvolini koronavirusning ‘kuchsiz belgilariga’ ega deb tavsifladi. Prezidentning yordamchilari juma kuni uning xalqqa murojaat qilishini ta’minlash uchun yo‘l izlamoqda, ertalab bu haqda qaror qabul qilinmagandi”, deya ta’kidlagan CNN telekanali.
Donald Trampning COVID-19 bilan kasallangani haqidagi xabar dunyo fond bozorlarida tebranishlarni yuzaga keltirishi mumkinligi haqida ham xabarlar tarqaldi. Financial Times’ning qo‘shimcha qilishicha, Tramp o‘zining kasallangani haqida xabar berganidan keyin AQShning S&P 500 birjasi indeksi 0,4 foizga pasaydi, Nasdaq Composite’da esa Apple, Tesla va Microsoft aksiyalarining pasayishi sababli 1,5 foizlik tushish kuzatildi.
Talabning tiklanishi borasidagi xavotirlar sababli pasaygan neft narxlari 2-oktabr kuni yanada tushdi. Shimoliy dengizning Brent nefti 2,8 foizga arzonlashib, bir barrelning narxi 39,78 dollarni tashkil qildi. AQSh bozoridagi ko‘rsatkichlardan tashqari, 2-oktabr kuni Avstraliya va Yaponiyadagi birja indekslarida ham pasayish kuzatildi. Thorpe Abbotts Capital kompaniyasi rahbari Jeff Xenriksenning aytishicha, Tramp haqidagi xabar “COVID-19’ni investorlar diqqat markaziga qaytaradi”, shuningdek, 2020-yilning noyabrida bo‘lib o‘tadigan AQSh prezidentlik saylovi atrofidagi mavjud siyosiy noaniqliklarni kuchaytiradi.
Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In koronavirusga chalingan AQSh prezidenti Donald Tramp va uning rafiqasi Melaniyaga maktub yubordi. Unda Kim Chen In Amerika rahbari tezroq tuzalishini tiladi. Xabar matni 2-oktabr kuni Koreya markaziy telegraf agentligi tomonidan e’lon qilindi. “Menga siz va turmush o‘rtog‘ingizda koronavirus aniqlangani to‘g‘risida kutilmagan xabar keldi. Siz va sizning oilangizga hamdardlik maktubini yo‘llamoqdaman. Siz va turmush o‘rtog‘ingizga chin qalbimdan tezroq sog‘ayishingizni tilab qolaman”, deyiladi xabarda. Shuningdek, Kim Chen In Tramp, albatta, sog‘ayib ketishiga ishonch bildirdi.
Koronavirusdan yangi raqamlar
Mavzudan uzoqlashmagan holda navbatni koronavirus bilan bog‘liq oxirgi xabarlarga bersak. Hafta davomida kasallik yana avj ola boshladi. Jumladan, Yevropa Ittifoqi, Hindiston, Buyuk Britaniya, Ukraina va Rossiyada kasallikka chalinishning yangi holatlari va rekordlar aniqlanmoqda.Buyuk Britaniyaning Frensis Krik instituti yangi koronavirus infeksiyasi inson organizmiga yaxshiroq kirishi uchun 10 ta turli shaklga transformatsiya qilishi mumkinligi haqidagi ma’lum qildi. Institut xodimlari COVID-19 tikanlari o‘zgarishi va yanada yopishqoq bo‘lishini aniqladi. Ular yordamida koronavirus inson hujayralarining tashqi qismida joylashgan ACE2 oqsiliga yaxshiroq yopishadi. Bundan tashqari, koronavirus tikanlari yordamida organizmga kiradi.
“Bu aksariyat virus oqsillariga qaraganda virus retseptorlari va sog‘lom hujayraning o‘zaro bog‘lanishining juda murakkab jarayonidir. Gripp va OIVda aktivlashtirish jarayoni nisbatan oddiyroq kechadi”, deydi tadqiqot mualliflaridan biri, universitet laboratoriyasi tadqiqotchisi Donald Benton. Bundan tashqari, tadqiqot davomida ingliz olimlari COVID-19 laboratoriyada tikanlarini bir daqiqada o‘zgartirishini, biroq bu jarayon hayotda sekinroq kechishini aniqladi.
Chexiyada esa 5-oktabrdan boshlab koronavirus tufayli favqulodda holat rejimi joriy qilindi. Rejim mamlakatda 30 kun davomida amal qiladi. Bu davrda 20 dan ortiq odam ishtirokidagi tadbirlarni o‘tkazish taqiqlanadi, sport tadbirlarida tomoshabinlar soni cheklanadi va maktablar masofaviy o‘qitish tizimiga o‘tkaziladi.
Chexiya Yevropada birinchilardan bo‘lib koronavirus epidemiyasi tufayli chegaralarini yopgan edi. Chexiya hukumati chet elliklarning kirishini va fuqarolarning chiqib ketishini mart oyining o‘rtalarida — mamlakatda COVID-19 kasalligining 117 ta holati qayd etilganda taqiqladi.
Hafta davomida Ukrainada kasallikka chalinishi borasida qatorasiga to‘rt marta antirekord yangilandi. 2-oktabr davomida 4 661 kishida koronavirus aniqlandi. Bu bilan mamlakatda ketma-ket to‘rtinchi kun rekord darajada koronavirusga chalinish holati qayd etildi. Kun davomida 92 nafar ukrainalik koronavirus oqibatida vafot etdi. Bu kasallik qurbonlari soni mamlakatda jami 4 353 kishini tashkil qilmoqda. Qayd etilishicha, Ukrainada 1-oktabr kuni 4 633 ta koronavirusga chalinish holati aniqlangan.
Jons Hopkins ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda hammasi bo‘lib 222 322 kishida kasallik tasdiqlandi. Ularning 98 737 nafari kasallikdan forig‘ bo‘ldi. Fransiyada esa o‘tkan sutkada 16 972 kishi koronavirusga chalinib, kunlik kasallanish bo‘yicha rekord yangilandi. Bu haqda mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligiga bo‘ysunuvchi Santé Publique France agentligi ma’lum qildi. Unda qayd etilishicha, mamlakatda epidemiya boshlanganidan buyon koronavirus aniqlanganlar soni 606 625 kishini tashkil qildi.
Avvalroq iqtisodiyot sohasidagi Alfred Nobel mukofoti nomzodlari Ester Dyuflo va Abxijit Banerji Fransiya rasmiylari katoliklarning Rojdestvo bayramidan oldin butun mamlakat bo‘ylab o‘zini izolyatsiya qilish rejimini joriy qilishlari kerakligini aytdi. Iqtisodchilarning fikriga ko‘ra, bayramdan oldin cheklovlar joriy etish iqtisodiyotga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, ammo qariyalar va surunkali kasalliklarga ega keksalarni bayramdan keyin kasalxonaga yotkizishga to‘g‘ri kelsa, undan ham kattaroq xarajatlarning oldini olish mumkin.
Mamlakatda kunlik kasallanish bo‘yicha avvalgi antirekord 24-sentabr kuni qayd etildi, shu kuni 16 096 kishida COVID-19 aniqlandi. Hozirga kelib, kasallik bo‘yicha holatlarni onlayn kuzatib boruvchi covidvisualizer.com saytining ma’lumotlariga ko‘ra, butun dunyoda kasallikni yuqtirib olganlar soni 35,3 millionni tashkil qilmoqda. Shundan bir milliondan ortqi kishi vafot etgan bo‘lsa, 26,2 milliondan ortiq bemor sog‘aydi. Hozirda butun dunyoda sakkiz millionga yaqin bemor davolanmoqda.
Qorabog‘da nima gap?
Mana bir haftadirki, Ozarbayjonning Tog‘li Qorabog‘ muxtor viloyatida separatist armanlar va Ozarbayjon harbiylari o‘rtasida janglar davom etmoqda. Urushda Armaniston rasman Qorabog‘dagi separatist armanlarga harbiy yordam bermoqda. Vaziyatga xalqaro hamjamiyat tomonidan turlicha baho berilmoqda. Ayrim davlatlar harbiy harakatlarni to‘xtatishga chaqirmoqda. Turkiya, Pokiston va Afg‘oniston Ozarbayjon tarafida ekanini aytmoqda. Turkiya esa zarurat bo‘lganda, Ozarbayjonga har qanday yordam berishga tayyorligini va so‘ngiga qadar uning yonida ekanini bildirmoqda.Urushda nafaqat harbiylar, balki tinch aholi vakillari ham halok bo‘lmoqda. Jumladan, 27-sentabrdan 3-oktabrga qadar Armaniston harbiylarining hujumi oqibatida 19 nafar ozarbayjonlik tinch aholi vakillari halok bo‘ldi.
4-oktabr kungi hujumlar oqibatida esa Ozarbayjonning uchta shahri — Ganji, Tartera va Goradizada Armaniston hujumi oqibatida 22 nafar tinch aholi vakili halok bo‘ldi, 74 kishi jarohatlandi, deb xabar berdi Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi. Avval Qorabog‘ armiyasi Ganjidagi harbiy aerodrom havo hujumiga uchraganini ma’lum qilgandi. Bokuda harbiy obyekt havo zarbasini qabul qilib olmagani, balki fuqarolik infratuzilmasiga zarar yetgani bildirilgan edi. Yerevan ushbu hujumlarda ishtiroki borligini inkor etmoqda.
“Armanistonning havodan fuqarolarga, fuqarolik obyektlariga atayin yo‘llagan zarbalari xalqaro huquq, jumladan, xalqaro inson huquqlari normalarining qo‘pol ravishda buzilganini anglatadi. Tinch aholiga Armaniston qurolli kuchlari tomonidan bu kabi hujumlarning davom etishi va aybsiz odamlarning qurbon bo‘lishi Armanistonning tajovuzkor siyosat olib borayotganidan darak bermoqda”, deyiladi Ozarbayjon TIV xabarida.
Shuningdek, 4-oktabr kuni mustaqilligi tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi qo‘shini Ozarbayjon harbiy havo kuchlarining uchta samolyotini urib tushirgani va ikkita tankini yo‘q qilganini xabar qilgan edi. Ushbu ma’lumotni Armaniston Mudofaa vazirligining matbuot kotibi Shushan Stepanyan rasman tasdiqladi. Boku esa o‘zi tomonidan yo‘qotishlar bo‘lgani haqidagi ushbu axborotlarni tasdiqlamagan edi.
“Soat taxminan 12:00 da janubiy yo‘nalishdagi Artsax qo‘shini raqibning uchta samolyotini urib tushirgan va ikkita tankini yo‘q qilgan”, deb yozgan Stepanyan Facebook’dagi sahifasida. Janglar davom etayotgan bir paytda, OAVda ham axboriy o‘ziga xos janglar bo‘lmoqda. Tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasining axborot markazi jangovar harakatlar boshlangan 27-sentabrdan 1-oktabrgacha Ozarbayjonning yo‘qotishlari haqida ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, Ozarbayjon Qurolli kuchlarining 1 280 nafar harbiy xizmatchisi halok bo‘ldi, 2 700 nafar askar yaralandi. Ozarbayjonning 90 ta uchuvchisiz uchish qurilmasi, 12 ta vertolyoti, 181 tank va harbiy piyoda mashinasi, uchta “TOS” og‘ir o‘qotar tizimi, ikkita “Smech” tizimi, to‘rtta samolyoti yo‘q qilindi.
Avvalroq Armaniston hukumati Ozarbayjonning ikki samolyoti urib tushirilganini ma’lum qilgandi. 30-sentabr kuni Ozarbayjon Qorabog‘da Armanistonning ikki mingdan ortiq askari o‘ldirilgani va yaralanganini ma’lum qilgandi. Yerevan esa bu Bokuning bir kunlik yo‘qotishlari deb javob qaytargan. Ozarbayjon armiyasi Tog‘li Qorabog‘ga tutash hudud hisoblanuvchi Madagiz qishlog‘ini nazorati ostiga oldi. Bu haqda mamlakat prezidenti Ilhom Aliyev ma’lum qilgan. “Bugun Ozarbayjon qo‘shini Madagizga mamlakat bayrog‘ini o‘rnatdi. Madagiz endi bizniki”, deb yozdi Aliyev Twitter’da.
Qorabog‘da Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi urush davom etmoqda.
Jahongir Ostonov tayyorladi.
Izoh (0)