Adliya vazirligi tomonidan davlat organlari funksiyalari xatlovdan o‘tkazilmoqda. Bu haqda 12-avgustda o‘tkazilgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yig‘ilishida adliya vaziri Akbar Toshqulov maʼlum qildi.

Yig‘ilishda deputat Zuhriddin Mavlonovning aytishicha, 2030-yil yakunigacha O‘zbekistonda 300 ga yaqin davlat funksiyalari xususiy sektorga o‘tkazilishi belgilangan. Lekin hozirgacha 11 ta funksiya bo‘yicha xulosa qilingan. Ishlar sekin ketayotgani sabab belgilangan muddatda kutilgan natijaga erishilmasligi mumkin.
Akbar Toshqulov mazkur masala yuzasidan javob berib, aslida ishlar jadal ketayotganini ta’kidladi.
“Mahalliy davlat organlarining 500 ga yaqin funksiyalari bor. Ularni xatlovdan o‘tkazib, 92 ta funksiyasi keraksiz degan xulosaga keldik. Bu bo‘yicha hukumatga taklif kiritganmiz. Qishloq xo‘jaligi vazirligida 17 ta funksiyani takrorlanuvchi, xususiy sektorga o‘tishi kerak bo‘lgan yoki umuman moliyaviy resursi yo‘q funksiya sifatida belgiladik. Bu bo‘yicha ham taklifni hukumatga kiritdik. Shuningdek, sport sohasidagi funksiya va vazifalarni ham ko‘rib chiqyapmiz”, dedi vazir.
Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovning qo‘shimcha qilishicha, hozirda 27 ta yo‘nalish bo‘yicha davlat funksiyalarini xususiy sektorga berish jarayoni boshlangan.
Izoh (0)