Belarusning Yevropa Ittifoqi mansabdor shaxslariga nisbatan joriy qilgan sanksiyalari avtomatik tarzda Rossiyada ham amal qiladi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Mariya Zaxarova ma’lum qildi, deb yozmoqda Meduza.
Zaxarovaning qayd etishicha, bu ”ittifoqchilik majburiyatlariga muvofiq” amalga oshadi.
Vazirlik tomonidan ta’kidlanishicha, Rossiya Yevropa Ittifoqining sanksiyalarini “mamlakat ichidagi vaziyatni tartibga solish bo‘yicha choralar ko‘rayotgan Belarus hukumatiga nisbatan ochiq va qabul qilib bo‘lmaydigan bosim” deb hisoblaydi.
“Yevropa Ittifoqi vakillari va uning a’zo mamlakatlari bir necha marta ularning yondashuvida geosiyosat yo‘qligini ma’lum qildi. Biroq Yevropa Ittifoqi tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar, tahdid tili va Belarusga nisbatan boshqa harakatlar buning aksi haqida guvohlik bermoqda”, — deyiladi Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, Yevropa Ittifoqi yetakchilari saylovning soxtalashtirilishi va inson huquqlari buzilishi uchun javobgar bo‘lgan Belarusning 40 nafar rasmiy shaxsiga nisbatan sanksiyalar joriy qilishga qaror qildi. Yevropa Ittifoqining sanksiyalariga javoban Belarus yevropalik mansabdorlarga nisbatan o‘zining sanksiyalarini joriy qildi, biroq “mavjud zamonaviy diplomatik amaliyotga” muvofiq sanksiya ostiga tushgan mansabdorlar ro‘yxatini e’lon qilmadi.
Izoh (0)