Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati Marhamat tumanidagi 42-maktabni o‘qituvchilar maktab taʼmirlayotgani aks etgan video tarqaldi.
Tasvirda o‘nlab ayol o‘qituvchilar devor oqlayotganini ko‘rish mumkin. Kadr ortidan xushchaqchaq ohangda aytilgan so‘zlarga ko‘ra, ustozlardan bir qanchasi mehnat taʼtilida bo‘lsa-da, “hashar”ga kelgan.

Holatga nisbatan bildirilayotgan munosabatlarda ustozlar remont qilishda xavfsizlik qoidalariga rioya etmayotgani haqida gap borgan.
“Mutasaddilar ushbu holatga eʼtibor qaratib, maktab taʼmirini qilib berishini va ustozlarning taʼtilda hordiq olishini taʼminlashini so‘raymiz”, deyiladi Telegram kanallardan biridagi postda.
Andijon viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi holat bo‘yicha o‘rganish o‘tkazilishini xabar qildi.
“Holat nazoratga olingani va o‘rganish ishlariga yo‘naltirilganini maʼlum qilamiz. O‘rganish yakunlariga ko‘ra, batafsil maʼlumot berilishini bildirib qolamiz”, deya qayd etilgan munosabatda.
Qonunchilikka ko‘ra, O‘zbekistonda o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilganlik uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlik bor.
Izoh (0)