27-dekabr, juma kuni Turkiyaning Istanbul shahri yaqinidagi Gabza tumanida mamlakatning ilk milliy avtomobili taqdimoti o‘tkazildi, deb xabar berdi TRT.
Avtomobil taqdimotida prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning shaxsan o‘zi ishtirok etdi. Taqdimotdan so‘ng Erdo‘g‘on birinchi turk avtomobili ruliga o‘tirib, uni sinab ko‘rdi.
Turkiyaning ilk milliy modeli o‘rta o‘lchamli elektrokrossover bo‘lib, u TOGG markasi ostida ishlab chiqariladi. Keyinroq markaning sedan, xetchbek, kompaktven va B-segmentdagi krossoveri ham paydo bo‘ladi. Tadbir davomida sedan konsepti ham namoyish qilingan.
TOGG (Türkiye‘nin Otomobili Girişim Grubu, Turk avtomobil tashabbuskor guruhi) markasi 5 ta turk kompaniyasi — Anadolu Grubu, BMC, Kök Grubu, Turkcell va Zorlu Holding’ning birgalikdagi tashabbusi hisoblanadi.
Kompaniya rahbari Rifat Xisarjiklio‘g‘luning ma’lum qilishicha, 2021-yilda zavod qurilishi yakunlanadi va unda 2022-yildan boshlab 5 ta modeldagi avtomobillar ishlab chiqariladi. Zavodning yillik ishlab chiqarish quvvati 175 ming dona mashinani tashkil qiladi. Kompaniya to‘liq xususiy hisoblanadi, biroq hukumat uni 2035-yilgacha soliq imtiyozlari, bepul yer ijarasi va 30 ming dona mashina sotib olish majburiyati bilan qo‘llab-quvvatlaydi.
Zavod loyihasi 22 milliard turk lirasini (3,7 milliard dollar) tashkil qiladi. U ishga tushirilgach 2-3 yildan keyin jahon bozoriga chiqishi rejalashtirilgan.
https://www.instagram.com/p/B6k_Z0mH9ay/
Izoh (0)