13—15-avgust kunlari O‘zbekistonning Vladivostok shahridagi Bosh konsulxonasi delegatsiyasi Rossiyaning Uzoqsharqiy federal okrugi tarkibiga kiruvchi Kamchatka o‘lkasiga tashrif buyurdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.
Tashrif doirasida Kamchatka o‘lkasi vitse-gubernatori Aleksandr Voytov, Petropavlovsk-Kamchatsk shahar okrugi rahbari Vitaliy Ivanenko, tadbirkorlar va turoperatorlar hamda turli tuzilmalar rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar, O‘zbekiston bilan hamkorlik rivoji salohiyati taqdimoti o‘tkazildi.
Muzokalar davomida savdo-iqtisodiy, turizm, madaniy-gumanitar hamda konsullik-huquqiy sohalarda hamkorlikni faollashtirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar O‘zbekiston fuqarolariga oid muammolar yuzaga kelganda zudlik bilan hal qilishga kelishdi. Ta’kidlanganidek, 2019-yilda mazkur o‘lka hududida 6375 nafar O‘zbekiston fuqarosi rasman ro‘yxatdan o‘tgan.
Rossiyalik hamkorlar O‘zbekistondan meva va sabzavotlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri yetkazishib berish hamda O‘zbekistonning Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi bilan mehnat resurslarini jalb qilishda hamkorlik o‘rnatishga qiziqish bildirdi.
“O‘zbekiston” hududiy jamoatchilik tashkiloti vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda o‘zbek diasporasi va Bosh konsulxona o‘rtasidagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.
“Vatandoshlarimiz yurtimizda yuz berayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar to‘g‘risida katta qiziqish bilan ma’lumot oldi. Diplomatlar tomonidan ko‘plab savollarga ham javob berildi”, — deyiladi xabarda.
Kamchatka o‘lkasida xizmat safari doirasida Bosh konsulxona tomonidan sayyor konsullik qabuli ham tashkillashtirildi. Unda konsullik-huquqiy va maslahat yordam ko‘rsatildi. Shuningdek, Bosh konsulxonaga borish imkoniyatiga ega bo‘lmagan fuqarolarga vatanga qaytish sertifikati va boshqa hujjatlar o‘sha joyda rasmiylashtirib berildi.
Izoh (0)