Karmana tumani davlat soliq inspeksiyasi xodimi S.N. jinoiy qilmishi uchun qo‘lga olindi. Bu haqda Navoiy viloyati IIB matbuot xizmati rahbari O‘ktam Usmonov ma’lum qildi, deya xabar beradi “Xalq so‘zi”.
Tumanning “Katta Machit” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi H. Ostonova bobosi R. Ostonovga tegishli bo‘lgan hovli-joyning kadastr xujjatlarini tayyorlatish maqsadida edi. Shu bois uyning mol-mulk va yer solig‘idan qarzdorligi yo‘qligi to‘g‘risida ma’lumotnoma olishiga to‘g‘ri keladi va buning uchun tuman davlat soliq inspeksiyasiga murojaat qiladi. Hujjatlarni o‘rgangan tuman DSI xodimi S.N. unga uyning mol-mulk hamda yer solig‘idan 1 million 300 ming so‘m qarzdorligi borligini bildiradi.
Soliq idorasi inspektori vaziyatdan unumli foydalanib qolishni ko‘ngliga tugib, H. Ostonovaga “oson” yo‘lni taklif etadi. Ya’ni 650 ming so‘m evaziga qarzdorlikni yo‘qqa chiqarib berishi va shu to‘g‘risida ma’lumotnoma rasmiylashtirishini aytadi. Agar naqd puli bo‘lmasa, kelishilgan mablag‘ni Click yoki Payme ilovalari orqali plastik kartochkasiga tashlashi mumkinligini ham tushuntiradi.
Navoiy viloyati IIB jinoyat qidiruv boshqarmasi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbir davomida Karmana tumani DSI inspektori qo‘lga olindi. Ayni paytda mazkur holat bo‘yicha tergov jarayonlari davom etmoqda.
Izoh (0)