Turk olimlari joriy yilning 21-iyulida Turkiyaning janubi-g‘arbiy sohilida sodir bo‘lgan zilzila oqibatlarini o‘rganib chiqdi. Ma’lum bo‘lishicha, Bodrum kurort shahri Egey dengizi tomon taxminan 26 santimetrga siljigan, deb xabar berdi Hurriyet Daily News.
Yer osti silkinishi sodir bo‘lgan hududni o‘rganishda 11 nafar olim 20 ta sun’iy yo‘ldosh stansiyalaridan foydalandi. 6,6 magnitudagi zilzila oqibatida tektonik plitalarda yuzaga kelgan gorizontal va vertikal siljish monitoring qilindi.
“Aniqlanishicha, Bodrumning janubiy qirg‘og‘i va Kos oroli (Gretsiya) orasidagi 25 kilometr kenglik va 65 kilometr uzunlikdagi dengiz ostidagi hududda ajralish sodir bo‘lgan. Bitta plita ikkinchisidan uzoqlashib ketgan. Odatda 50 yilda sodir bo‘ladigan hodisa 11 soniya ichida amalga oshgan”, — dedi Dokuz Eylyul nomidagi universitetning zilzila tadqiqot markazi rahbari, professor Hasan Sezbilir.
Eslatib o‘tamiz, 2017-yilning yozida Turkiyaning janubi-g‘arbiy sohillarida sodir bo‘lgan zilzila oqibatida minataqadagi aviareyslar ma’lum muddatga to‘xtatilgan edi.
Izoh (0)