Surxondaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov rahbarligida viloyatning Sho‘rchi tumanida sayyor qabul tashkil etildi. Bu haqda viloyat hokimining Facebook’dagi sahifasida xabar qoldirilgan.
Sayyor qabul davomida aholidan 331 ta murojaat kelib tushgan, ularning aksariyati joyida o‘z yechimini topgan. Qayd etishlaricha, sayyor qabul jarayonida aholidan tushgan murojaatlarning ko‘pchiligi mahalla, tuman miqyosida hal etilishi kerak bo‘lgan masalalardir.
“Fuqarolardan asosan uy-joyga bo‘lgan ehtiyoj, ishga joylashish, tadbirkorlik qilish uchun yer ajratish, kredit mablag‘i olish, elektr energiyasi, gaz, ichimlik suvi bilan ta’minlash kabi masalalarda murojaatlar kelib tushdi”, — deyiladi xabarda.
Bu borada “Mahalla” fondining tuman bo‘limi va mahalla fuqarolar yig‘inlari, “Nuroniy” jamg‘armasi tuman bo‘limi kabi bir qator tashkilotlarning faoliyati qoniqarsiz ekani, mazkur tashkilotlar tomonidan ishlar tizimli tashkil etilmagani, fuqarolarning murojaatlariga bee’tibor bo‘layotganligi alohida ta’kidlandi.
Izoh (0)