Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Germaniya tashqi ishlar vaziri Zigmar Gabrielni Anqaraga pand-nasihat qilmasdan, o‘z o‘rnini bilishga chaqirdi, deb yozadi “TASS”. Bu haqda u Denizli shahri xalqi qarshisida nutq so‘zlayotib aytib o‘tdi.
“U hech narsani tushunmaydi. Sen kim bo‘libsanki, Turkiya Respublikasi prezidenti bilan gaplashasan? Turkiya tashqi ishlar vaziri bilan gaplash. O‘z o‘rningni bil, bizga pand-nasihat o‘qish kerak emas”, — dedi Erdo‘g‘on Gabrielga qarata.
Respublika prezidenti, shuningdek, “Germaniya Turkiya uchun o‘z eshiklarini ochish-ochmasligi uning uchun hech qanday ahamiyatga ega emas”ligini ta’kidladi. “Bizga eshiklar yetadi. Biz uchun eshiklarini ochganlar bilan mamnun bo‘lib yaqinlashamiz. Biz ham ular uchun eshiklarimizni ochamiz”, — dedi Erdo‘g‘on.
18-avgust kuni Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Germaniyada istiqomat qiluvchi turklarni bo‘lg‘usi saylovlarda kansler Angela Merkel hamda Sotsial-demokratik partiya yetakchisi Martin Shulsga ovoz bermaslikka chaqirdi.
O‘z navbatida, Gabriel Erdo‘g‘onning izohini keskin tanqid ostiga oldi. Germaniya tashqi ishlar vaziri aholini mamlakat suverenitetiga aralashuvga qarshi turishga da’vat etdi.
Izoh (0)